O‘zbekiston davlat satira teatrida O‘zbekiston xalq artisti, mazkur teatr badiiy rahbari Xayrulla Sa’diyev tavalludining 85 yilligi munosabati bilan "San’atga baxshida umr" shiori ostida teatrlashtirilgan konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosarlari Bahodir Ahmedov, Avazbek Tojixonov, O‘zbekiston davlat satira teatri direktori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Mirzatilla Xolmedov mamlakatimizda yoshi ulug‘ san’atkorlar mehnatini e’zozlash, ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash masalasi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan milliy san’atimiz rivoji yo‘lida olib borilayotgan ibratli ishlarda ustuvor o‘rin egallashini ta’kidladi.

Ustoz san’atkor Xayrulla Sa’diyev milliy kino va teatr san’atimiz rivojiga munosib hissa qo‘shgan insonlardan sanaladi.
Aytish kerakki, Xayrulla Sa’diyev 1940 yil 6 dekabrda Toshkentda aktyor Habib Sa’diyev oilasida tug‘ilgan. Maktabni tamomlagach, Ostrovskiy nomidagi Toshkent davlat teatr va san’at institutida aktyorlik bo‘yicha tahsil olgan va u yerda taniqli san’atkor Nazira Aliyevadan aktyorlik mahorati sirlarini o‘rgangan.

Aktyor 1963 yilda o‘qishni tugatgandan so‘ng, Toshkentdagi Hamza teatrida – hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatrida ishlay boshladi va Zuhur Kabulovning "Bulutlar tarqaganda" spektaklida rol ijro etadi. Keyinchalik, Toshxo‘ja Xo‘jayevning maslahati bilan u Respublika yosh tomoshabinlar teatriga o‘tdi va u yerda 1986 yilgacha mehnat qildi.
Aktyorning yoshligida ijro etgan va tomoshabinlar hamda teatr tanqidchilari tomonidan ijobiy qabul qilingan yetakchi rollari e’tiborga molikdir.
1986 yilda allaqachon taniqli aktyor bo‘lgan Xayrulla Sa’diyev yangi ochilgan Abdulla Qahhor nomidagi Respublika Satira teatri truppasiga taklif qilindi. Mazkur teatrda u bir qator spektakllarda turlicha yo‘nalishdagi rollarni maromiga yetkazib ijro etdi.

1960 yillarning oxiridan boshlab san’atkor teatr spektakllarini televideniye uchun moslashtirishda ham, televideniye va kino uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri suratga olishda ham faol ishtirok etdi. Salkam o‘ttizta filmda suratga tushdi. Shuningdek, u "Nashtar" kinojurnalini suratga olishda ishtirok etdi va ikki yuzga yaqin sovet va xorijiy filmlarni o‘zbek tiliga dublyaj qildi.
O‘zbekiston sahna san’atiga qo‘shgan hissasi uchun Xayrulla Sa’diyev 1980 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” faxriy unvoniga, 1990 yilda “O‘zbekiston SSR xalq artisti” unvoniga sazovor bo‘ldi. 2005 yilda "Mehnat shuhrati" ordeni bilan taqdirlandi.
Tadbirda Xayrulla Sa’diyev ijodi xususida batafsil so‘z yuritildi. Teatrlashtirilgan badiiy dastur san’at ixlosmandlari e’tiboriga havola etildi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri