Teatr va kino san’ati hayotni, voqea-hodisalarni, turli kurash va ziddiyatlarni, inson o‘y-hayollari, ichki kechinmalarini aktyor ijrosi orqali aks ettiradi. Bu soha chinakam fidoyilikni talab qiladi.
Bugun ana shunday fidoyi ijodkorlardan biri, teatr va kino san’ati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan, “Bahor qaytmaydi ” filmidagi roli orqali yurtdoshlarimiz qalblariga kirib borgan O‘zbekiston xalq artisti Lutfulla Sa’dullayev 80 yoshni qarshiladi.
Aktyor faoliyati davomida 200 ga yaqin spektakllarda bir-biridan esda qolarli rollar ijro etdi. Kino va videofilmlar, televizion miniatyuralar dasturida ijro etgan rollari esa 500 dan ortiq.
– O‘zimni barcha rollarim orqali muxlislar e’tiboriga tushush baxtiga erishgan insonlardan biri, deb hisoblayman, – deydi Lutfulla Sa’dullayev. – Omadim - oilam, meni tushunadigan rafiqam, farzandlarim. Hayotda menga yaxshi hamroh uchradi. Turmushimiz mobaynida sen-menga bormadik. Oilasi tinch, ro‘zg‘ori but bo‘lsa, inson uchun bundan ortiq baxt yo‘q. San’atda ham meni qo‘llab turuvchi, men bilan hamfikr ijodkorlar davrasida “O‘zbekiston xalq artisti” unvoniga sazovor bo‘ldim. Bu ham katta omad. San’atkorni kasbdosh va muxlislari yaxshi bir inson sifatida tanishi, oilasining a’zosidek ko‘rishi muhim ekan.
Shu bilan birga, Lutfulla Sa’dullayev uzoq yillik ijodiy faoliyati davomida o‘z hayoti va ijodidan hikoya qiluvchi, ustozlari, marhum hamkasblari haqidagi xotiralari jamlangan “Qismat”, “O‘kinch”, “Meni kechir...” nomli kitoblarini nashrdan chiqardi.
M.Qudratulleva, O‘zA