So‘nggi yillarda musiqa san’atining eng ko‘p bahs-munozaralarga sabab bo‘layotgan janrlaridan biri bu – rep. Ko‘pchilik klassika ixlosmandlari uni “madaniyatdan uzoq”, “qo‘pol”, “inson ruhiyatini pasaytiruvchi” janr sifatida baholaydi. Bunday qarashlar, odatda, repning yuzaki, ya’ni faqat ba’zi namunalarini ko‘rib, umumiy xulosa chiqarish oqibati. Aslida esa, rep jamiyatdagi muammolar, ijtimoiy adolatsizliklar va inson ichki kechinmalarini ifodalashga qodir, kuchli mazmunli musiqiy yo‘nalish.
Rep – bu birinchi navbatda so‘z san’ati. U orqali san’atkor o‘z fikrini, noroziligini, umidini, kurashini yoki shunchaki shaxsiy kechinmalarini ifodalaydi. Aynan shu jihati bilan rep boshqa musiqiy janrlardan ajralib turadi. Chunki u ko‘pincha hayotning achchiq haqiqatlarini, jamiyatdagi tengsizlik, kambag‘allik, korrupsiya, yoshlarning yo‘qotilgan orzulari kabi muammolarni dadil yorita oladi. Masalan, mashhur repperlarning qo‘shiqlari orasida nafaqat shaxsiy hayoti, balki butun bir avlodning ijtimoiy muammolari, tushkun kayfiyati, travmali bolalik, ishsizlik, migratsiya kabi mavzular ham o‘z aksini topgan. Bu repni faqat “musiqa” emas, balki ijtimoiy hodisa, norozilik ovozi, ba’zan esa psixologik terapiyaga aylantiradi.
Shubhasiz, har qanday san’atda bo‘lgani kabi repda ham turli yo‘nalishlar mavjud. Ba’zi repperlar haqiqatan ham odobsiz so‘zlar, jargon, zo‘ravonlik yoki giyohvandlik mavzularini targ‘ib qiluvchi matnlar bilan chiqadi. Bu esa butun janrga nisbatan salbiy munosabat shakllanishiga sabab bo‘ladi. Lekin bu holatni umumlashtirib, butun rep janrini rad etish adolatdan emas. Zotan, boshqa bir qancha repperlar bor-ki, ularning qo‘shiqlari yoshlarga hayotda to‘g‘ri yo‘l tutish, o‘z ustida ishlash, qiyinchiliklarga taslim bo‘lmaslik, ota-ona qadri kabi ijtimoiy-axloqiy g‘oyalarni singdiradi. Bunday rep qo‘shiqlar insonni o‘ylantiradi, ruhlantiradi, hayotiga ma’no bag‘ishlaydi. Demak, har qanday janrda bo‘lgani kabi, repda ham “qora” va “oq” tomonlar mavjud va biz har ikkisini ajrata oladigan saviyaga ega bo‘lishimiz zarur.
Ko‘p hollarda rep janrini past baholovchilarning asosiy fikri bu – repda estetik go‘zallik yo‘q, degan fikr. Ammo bu yerda savol tug‘iladi: estetikani belgilash mezoni kimning qo‘lida? She’riyatda Alisher Navoiy, musiqada Bethoven yoki maqomda “Shashmaqom” biz uchun estetik namunadir. Ammo bu, zamonaviy inson ruhiyatiga ta’sir qiluvchi boshqa janrlarni inkor qilishga asos bo‘la olmaydi.
Rep ham o‘zining shakli, uslubi, ritmi va matni orqali zamon ruhi bilan uyg‘unlashgan, ayrim hollarda esa hatto klassik adabiyot bilan bog‘lanadigan janr. Ko‘plab rep matnlarida she’riy shakl, ohangdorlik, ritmik tuzilma klassik she’riyatdan qolishmaydi. Hatto ayrim repperlar o‘z qo‘shiqlarini Navoiy, Bedil yoki Bobur g‘azallaridan ilhomlanib yaratgan holatlar ham uchraydi.
Repga qarshi bo‘lganlar ko‘pincha uni “madaniyatsizlik” bilan bog‘lashadi. Biroq, bu fikrni chuqur tahlil qilganimizda, madaniyatsizlik repda emas, balki uni kontekstdan uzib, yuzaki baholovchilar ongida ekanini ko‘ramiz. Har qanday san’atni baholashda avvalo mazmun, niyat va ijtimoiy kontekstga qarash kerak. Kimdir shunchaki eshitganda “qo‘pol” tuyulgan matn, aslida jamiyatdagi og‘ir haqiqatlarga qaratilgan da’vat bo‘lishi mumkin.
Zamon o‘zgarar ekan, san’at ham o‘zgaradi. Rep – bu zamonaviy yoshlarning o‘z ovozini topish, jamiyatdagi o‘z o‘rnini anglash, hayotga bo‘lgan qarashini ifodalash vositasidir. Uni biryoqlama baholash, yuzaki hukm chiqarish, yoshlar didini to‘g‘ri tushunmaslik bizni ulardan yanada yiroqlashtiradi. Shu sababli, har qanday musiqa janrini, xususan repni baholashda nafaqat uning shakli, balki uning orqasida turgan mazmun, ijtimoiy asos va insonga qiladigan ta’siriga qarash kerak. Ana shunda biz faqat repni emas, balki butun san’at olamini yanada chuqurroq tushunishga erishamiz.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA