Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
San’atda soxtalik yaxshilikka olib bormaydi
18:22 / 2024-05-13

Poytaxtimizdagi «Turkiston» san’at saroyida estrada xonandalari hamda Madaniyat vazirligi rahbariyati boshchiligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov olib borgan yig‘ilishda sahna madaniyatiga e’tibor qaratish, musiqa va she’r tanlash, ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlar bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi. 

Bugungi kunda mamlakatimizda milliy san’atimiz va madaniyatimizni rivojlantirish davlatimizning doimiy e’tiborida bo‘lib kelmoqda. Yangi o‘quv dargohlarini tashkil etish, ularni zarur jihozlar bilan ta’minlash, iste’dodlarni faol qo‘llab-quvvatlash, “ustoz-shogird maktabi” an’analarini rivojlantirish, yangi ijodiy loyiha va tanlovlarni o‘tkazish borasida yetarlicha mablag‘, imkoniyatlar safarbar etilmoqda. 

Ayni paytda muxlislarga taqdim etilayotgan qo‘shiqlarning tobora sayozlashib borayotgani, ijtimoiy tarmoqlarda xonandalarning o‘zaro munosabatiga, hatto oilaviy, shaxsiy masalalarga doir shov-shuvli chiqishlar xalqimizning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. 

– Bugungi yig‘ilishimizga san’atkorlarning ko‘pchiligi tashrif buyurdi, – dedi O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov. – Ularni o‘z ijodi orqali ezgu g‘oyalarni targ‘ib etishga, yangilanayotgan O‘zbekistonimizdagi ibratli tashabbuslarni kuyga solishga chorlab qolamiz. Bu borada xonanda, bastakor va shoirlarning o‘zaro uzviy hamkorligi kutilgan natijalarni berishi shubhasiz. Inson o‘z hayotini, ijodini sarhisob etadigan vaqt baribir yetib keladi. Shunda xonandalarimiz o‘z ijodining natijasidan, qo‘shiqlari tahlilidan uyalib qolmasligi kerak, deb o‘ylayman. Negaki, har bir jarayonning boshlanishi bo‘lganidek, poyoniga yetadigan davr ham bo‘ladi. Istardimki, xonandalar, nainki o‘zlarini, balki farzandlarini, ularning ham farzandlarini o‘ylab harakat qilishi kerak. Ijodning ham o‘z so‘roq-savoli bor. O‘zbek san’ati qaysidir yengil-yelpi qo‘shiqlar bilan o‘lchanmaydi. Bugungi kunda ayrim ommaviy axborot vositalari, blogerlarning e’tibori san’atkorlar o‘rtasidagi munosabatlarni, hatto oilaviy masalalarni ommaga olib chiqish bilan band bo‘lib qolayotgani, ijtimoiy tarmoqlarda lo‘ttibozlik avjiga chiqayotgani juda afsuslanarli holatdir. Vaholanki, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida qanchadan-qancha yosh iste’dodlar ta’lim olmoqda. Ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar aynan shu yosh iste’dodlarni targ‘ib etishi kerak, deb o‘ylayman. San’at, madaniyat faqat yaxshilikka da’vat etishi kerak. 

– Darhaqiqat, bugungi kunda ijod uchun ham, so‘z erkinligi uchun ham zarur barcha imkoniyatlar yaratilgan, – dedi taniqli xonanda Alisher Ro‘zmetov. – Nazarimda yosh xonandalar mavjud imtiyoz va imkoniyatlardan faqat yaxshilik yo‘lida, badiiy jihatdan pishiq va barkamol, xalqimizning ko‘ngil mulkiga aylanadigan qo‘shiqlar yaratish yo‘lida foydalanishi kerak. Ijodni, iste’dodni, ortga qaytarilmas vaqt va imkoniyatni o‘tkinchi narsalarga sarflash yaxshilikka olib bormaydi. 

Darhaqiqat, bugungi kunda O‘zbekiston obro‘sini jahon miqyosida munosib tarannum etayotgan san’atkorlarimiz ko‘p. Biroq siyqa, sayoz, umri lahzalik qo‘shiqlarni muxlislarga “taqdim etish”dan charchamayotgan, manmanlikka berilib, faqat moddiyat, pul ortidan quvib yurgan “xonandalar” ham yo‘q emas.

Kibr, manmanlik, moddiy boylik ortidan quvish, soxta shuhrat hali hech kimga obro‘ olib kelmasligini san’atdek mo‘’tabar olamga qadam qo‘ygan ayrim xonandalar anglab yetsa bo‘lgani. Ayni paytda yurtimizda ijod ahli uchun yaratilayotgan keng sharoit va imkoniyatlar badiiy jihatdan pishiq, mukammal qo‘shiqlarni yaratishga xizmat qilmog‘i kerak. 

Nazokat Usmonova, O‘zA