“Turkiston” san’at saroyida yurtimizdagi bolalar musiqa va san’at maktablari, ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlari avgust kengashining Respublika o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi.
O‘quv-seminarda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tojixonov va boshqalar mamlakatimizda bolalar musiqa va san’at maktablari faoliyatini rivojlantirish yuzasidan tizimli ishlar olib borilayotganini ta’kidladilar.
Avgust kengashining Respublika o‘quv-seminari davomida ishtirokchilarga Madaniyat ta’limi markazi tomonidan amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi istiqbolli rejalar, Bolalar musiqa va san’at maktablari, ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari, maktab-internatlari hamda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro integratsiyalashuv jarayonlari, Ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlaridagi mavjud tizimli muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha takliflar, Bolalar musiqa va san’at maktablaridagi mavjud tizimli muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha takliflar atroflicha muhokama etildi. Sohaga oid mavzular yuzasidan ma’ruzalar qilinib, yangiliklardan xabardor etildi.
Seminar davomida ta’lim jarayonlarini raqamlashtirish, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish, ilg‘or metodik ishlanmalarni yaratish va xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash bo‘yicha aniq takliflar ilgari surildi.
Shu bilan birga, 2024-2025 o‘quv yilida yuqori natijaga erishgan ta’lim muassasalari rahbarlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Respublika seminari ishtirokchilari sho‘’balarga bo‘linib, soha yuzasidan yangiliklar va ma’lumotlardan boxabar etildi.
Seminar doirasida Madaniyat ta’limi markazi faoliyati, 2025 yilning fevral – may oylarida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Xususan, madaniyat va san’at sohasidagi ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro integratsiyani chuqurlashtirish, ta’lim jarayonlariga innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish va xalqaro tajribani amaliyotga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.
Aytish kerakki, Madaniyat ta’limi markazi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2023 yil 27 iyulda imzolangan tegishli farmonga muvofiq tashkil etilib, Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 20 dekabrdagi tegishli qarori asosida o‘z faoliyatini boshlagan.
Markazning asosiy vazifasi madaniyat va san’at yo‘nalishidagi ta’lim muassasalariga metodik xizmat ko‘rsatish, o‘quv-metodik ta’minotni takomillashtirish va ilg‘or xalqaro tajribalar asosida ta’lim sifatini oshirishdan iborat.
Bugungi kunda Madaniyat vazirligi tizimida 325 ta bolalar musiqa va san’at maktabi, 29 ta ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktabi, maktab-internat, 9 ta oliy ta’lim muassasasi va ularning filiallari, shuningdek, 2 ta qayta tayyorlash va malaka oshirish markazi faoliyat yuritmoqda. Ushbu muassasalarda jami 108 ming nafardan ortiq o‘quvchi va talaba tahsil olmoqda, 18 mingdan ziyod pedagog va professor-o‘qituvchilar mehnat qilmoqda.
Respublika o‘quv-seminari yakunida yangi o‘quv yilida ta’lim tizimining sifatini oshirish, ijodiy muhitni mustahkamlash va madaniyat sohasida zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga qaratilgan amaliy choralar belgilandi.
N.Usmonova, O‘zA