O‘zbekiston davlat satira teatrida taniqli aktyor, badiiy so‘z ustasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, mazkur ijodiy jamoa direktori Mirzatilla Xolmedov ijodiga bag‘ishlangan ma’rifiy kecha bo‘lib o‘tdi.
Unda madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov so‘zga chiqib, mamlakatimizda teatr san’atini muttasil rivojlantirish masalasiga ustuvor e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarda san’at yo‘lida samarali faoliyat olib borayotgan ijodkorlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, mashaqqatli mehnatini e’zozlash va e’tirof etish bo‘yicha yurtimizda ibratli ishlar olib borilmoqda.
Kechada B.Ahmedov tavallud kuni munosabati bilan Mirzatilla Xolmedovni muborakbod etib, esdalik sovg‘asini taqdim etdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Mirzatilla Xolmedov ijodidan namunalar ijro etildi.
Ayniqsa, uning teatr va kino sohasida ijro etgan rollari xalq ko‘nglidan o‘rin olgani hamda bugungi kunga qadar tomoshabinni o‘ziga jalb etib kelayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, M.Xolmedovning teatrdagi faoliyati davomida "Maysaraning nayranglari“ nomli spektaklda Hidoyatxon roli hamda “Muhabbat sinovlari”, “Ko‘zlarim yo‘lingda”, “Lafz” kabi filmlardagi rollari e’tiborga molik.
Tadbirda teatrlashtirilgan musiqiy-badiiy dastur tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.
N.Usmonova,
O‘zA