Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish, aholi, ayniqsa, yoshlar uchun ijodiy va ma’naviy muhit yaratish yo‘lida yana bir muhim qadam qo‘yildi. Ota yurt va Birlashgan mahallalarida zamonaviy madaniyat markazlari barpo etilib, foydalanishga topshirildi.
Jumladan, Ota yurt mahallasidan joy olgan 200 o‘rinli “Gulzor” madaniyat markazini qurish uchun 4 milliard so‘m, Birlashgan mahallasidan o‘rin olgan 286 o‘rinli “Qo‘shchinor” madaniyat markazini barpo etish uchun esa 7 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.

Ikki markazning ochilish marosimi tantanali tarzda o‘tkazildi. Unda tuman hokimi Ziyodulla Karimov, viloyat madaniyat sohasi xodimlari, san’atkorlar, mahalliy faollar, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar yangi inshootlar mahallalarda madaniy-ma’rifiy muhitni yuksaltirish, yosh avlodni ma’naviy barkamollik va ijodkorlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlashdi. Xususan, mazkur markazlarda teatr, musiqa, raqs, tasviriy san’at kabi yo‘nalishlarda to‘garaklar tashkil etilishi yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli va samarali o‘tkazishi uchun keng imkoniyatlar yaratishi qayd etildi.

Markazlardagi san’at va madaniyat yo‘nalishlarida turli kurslar, spektakllar, konsert dasturlari va ko‘rgazmalar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Zamonaviy infratuzilmaga ega ushbu maskanlar yoshlar iqtidorini ro‘yobga chiqarish, milliy qadriyatlar bilan zamonaviy san’atni uyg‘un tarzda integratsiya qilish, jamiyatda madaniy uyg‘onish jarayonini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Eng muhimi, tadbir ishtirokchilari bunday markazlar jamiyatning ma’naviy taraqqiyotida muhim o‘rin tutishini, kelajak avlod uchun mustahkam ma’naviy poydevor bo‘lib xizmat qilishini, shu bilan birga, ijtimoiy faollikni oshirish, yoshlarni sog‘lom, ma’rifatli va faol hayot sari yo‘naltirishda katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab o‘tishdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri