English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
San’at va madaniyat sohasi vakillari sirdaryolik mehnatkashlarni mamnun qildi
14:52 / 2022-10-12

Xalq bilan taniqli ijodkorlarning, san’at va madaniyat ahlining muloqoti ruhiyatning tetik va kayfiyatning ko‘tarinki bo‘lishiga zamin hozirlaydi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan boshlangan ushbu xayrli va ma’rifiy harakat o‘z samarasini berayotgani aniq. Ma’naviyat festivali doirasidagi Madaniyat karvonining ayni muddaosi ham shunda.

Bu gal samimiy muloqot va ijodiy suhbatlar sirdaryoliklar bilan bo‘lib o‘tdi. 

O‘zining uzoq tarixiga ega, yunonlar Yaksart deb atagan, arablar Sayhun nomi bilan yuritgan Sirdaryoning siri, sirdaryoliklar ta’siri bu qutlug‘ go‘shaning asiri, maftuni bo‘lishga chorlaydi. Qo‘li qadoq, qalbi qaynoq sirdaryoliklarning jo‘mardligi, zahmatkashligi barcha jarayonlarda namoyon bo‘layotganining guvohimiz. «Oqoltin» tumaniga kelishga musharraf bo‘ldik. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Shamsuqamar Mansurova, O‘zbekiston Davlat drama teatri aktrisasi Go‘zal Fayziyeva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Xosiyat Bobomurodova, «Nihol» mukofoti sovrindori Dilmurod Qurbonov, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi xonandalari Ozoda Yorova, Sunnatilla Fazliddinov, so‘z ustasi Sayfiddin Fayziyev, estrada xonandasi Sherbek Shodiyevlar oqoltinliklarni mamnun qildi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning qishloq xo‘jaligidagi ishlar holati, aholi hayoti bilan tanishish maqsadida 6 oktyabr kuni Sirdaryo viloyatida bo‘lishi mahalliy aholini ancha ruhlantirdi. «Yerga munosabat — elga munosabat» bo‘lib xalqning ehtiyojlarini qoplash, ular uchun imkoniyat va sharoitlar yaratish ishonchni mustahkamlashdan tashqari xalqqa kuch va qudrat baxsh etishi ham muqarrar.

 

«Yer — xalqimiz rizq-ro‘zi manbai. Bir paytlar paxta maydonidan bir gektar ajratish jinoyat edi, takroriy ekin ekkan ta’qib qilinardi. Mana, hozir 80 ming gektar paxta va g‘alla maydonlarini aholiga berdik, hali yana beramiz. Ulardan olingan mahsulot ham xalqimiznikiku. Bozorga mahsulot, oilalarga daromad bo‘ladiku,” degan edi Prezidentimiz. 

Tadbir davomida «Oltin meros» folklor-etnografik jamoasining badiiy rahbari Habiba Mirzayeva Prezidentning tashrifi, nutqi va takliflaridan ruhlanganini ma’lum qildi.  

«Yurtboshimizga tahsin aytgim keladi. O‘tgan haftaning o‘zida bizning viloyatimizga kelishlaridan tashqari, Vengriyaga, so‘ng Sankt-Peterburgda muzokaralar olib borishlari uchun qancha kuch-g‘ayrat kerak? Bu mamlakatning taraqqiyoti, o‘z xalqini boy qilish, rozi qilish yo‘lidagi harakatlar ularga kuch beryapti, desam, xato bo‘lmasa kerak», dedi Habiba Mirzayeva.  



Tushdan keyin Alisher Jo‘raqulov direktorlik qilayotgan 9-sonli umumiy ta’lim maktabidagi uchrashuv o‘quvchi va o‘qituvchilarni birdek xursand qildi.  

Respublika Madaniyat vazirligidan Jasurbek Xurramov, Ma’naviyat va ma’rifat markazidan biriktirilgan Alisher Azimov va Oqoltin tumani ma’naviyat markazi rahbari Nuriddin Yo‘ldoshevlar kelgusi yil Sirdaryo ahli viloyatning 60 yilligini barcha jabhadagi yutuqlar bilan, mehnatdagi ibrati va shijoati bilan kutib olishlariga ishonch hosil qilganlarini e’tirof etishdi. 

Rahimboy JUMANIYOZOV,  
«TIQXMMI» Milliy tadqiqot universiteti Matbuot xizmati rahbari