O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan O‘zbekistondagi xorijiy mamlakatlar diplomatik vakolatxonalari, bir qator vazirlik va idoralar hamda muassasalar bilan hamkorlikda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” munosabati bilan “San’at va dunyo” X Xalqaro Toshkent zamonaviy san’at biyennalesi o‘tkazilmoqda.
Biyennale doirasida “O‘zmilliybank” AJ tasviriy san’at galereyasida asosan installyatsiya, video-art, perfomans, haykaltaroshlik, foto va rangtasvir asarlaridan iborat bo‘lgan Yevroosiyo ijodkorlari ko‘rgazmasi ochildi.
Ushbu ko‘rgazmada G.Gochmuradov, V.Gurdov, B.Bozorov (Turkmaniston), A. Jabarov (Tojikiston), T. Brozovski (Polsha), I.Sduku, K.Mavrogeorgi (Gretsiya), S.Louson (Buyuk Britaniya), E. Vasikevichyus (Litva), M.Shabo (Vengriya), M.Abbasova (Ozarbayjon) kabi xorijlik rassomlar o‘z asarlari bilan ishtirok etmoqda.
Biyennalening kuratorlik loyihasi va chet ellik ishtirokchilarning asarlari zamonaviy san’atning turli ko‘rinishlari hamda shakllarida talqin etilgan. Bu qadimiy san’atni taraqqiy etgan davr bilan birlashtiruvchi umumiy konsepsiyaga egadir. Bugungi kun san’at va jamiyatning o‘zaro uyg‘unligi ushbu loyihalarda odatdan tashqari qiyofalar, syujetlar va shakllarda aks ettirilgan.
O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida S.Yo‘ldoshov, G.Jumagariy, E.Yag‘li, X.Rusudan, Sh.Sharofxo‘jayeva, D.Sharofxo‘jayev, N.Rasulov, D.Roziqov, Yo.Beknazarov, U.Saidov, L.Nesterovich, T.Fadeeva kabi o‘zbekistonlik rassomlarning loyihalari ham taqdim etilgan.
[gallery-19754]
Bugungi kunda O‘zbekistonda tasviriy san’at faol rivojlanishda davom etmoqda. Ko‘plab iste’dodli, o‘z uslubi va ijodiy yo‘liga ega yoshlar zamonaviy san’atga ildam qadamlar bilan kirib kelmoqda. Yevroosiyo ijodkorlarining ko‘rgazmasi ularning ijodini dunyo miqyosidagi rassomlarga namoyish qilish, shuningdek, yosh rassomlarimizning dunyo miqyosidagi zamonaviy san’at ustalari ijodi bilan tanishishi va ular o‘rtasida aloqa o‘rnatilishi uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi.
Nilufar Bozorova, Oybek Pardev (surat), O‘zA muxbirlari