Poytaxtimizda boshlangan X Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi o‘zining dastlabki ko‘rgazmalarini muxlislar e’tiboriga havola etdi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nuriddinov bunday ijodiy loyihalar muxlislar uchun ham, ijodkorlar uchun ham juda foydali ekanini ta’kidladi.
[gallery-19751]
Markaziy ko‘rgazmalar zalida tashkil etilgan ko‘rgazmada Rossiya, Avstraliya, AQSH, Italiya, Isroil, Fransiya, Ruminiya, Yaponiya, Belarus, Hindiston, Qozog‘iston va boshqa davlatlar rassomlarining ijod namunalariga keng o‘rin berilgan.
O‘zbek musavvirlaridan Yunus Samardiyorning “So‘nggi hayqiriq” nomli installyatsiyasi, Erik Qulmanovning “Zamindan jannat izlab” nomli turkum asarlari to‘plami, Alisher Mirzayev, Saidbek Sobirboyev, Ulug‘bek Yusupov va boshqa ko‘plab ijodkorlarning yangi asarlari bilan tanishish mumkin.
Biyennale ishtirokchilarining barcha ijodiy loyihalari bir xil mavzuni – ijodkorning bugungi global muammolarga, borliqqa, jahonda kechayotgan jarayonlarga bo‘lgan munosabatini o‘ziga xos talqinda ifoda etgani bilan ahamiyatli.
Shuningdek, Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida “San’at va dunyo” nomli ko‘rgazmada Germaniya, Jazoir, Ruminiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Rossiya kabi davlatlarning mo‘yqalam sohiblari tomonidan yaratilgan badiiy asarlar tomoshabinlar e’tiboriga havola etilgan.
N.Usmonova,
O‘zA