Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
San’at va do‘stlik bayrami
09:54 / 2023-05-29

Poytaxtimizdagi “Turkiston” san’at saroyida “Yevroosiyo” Xalqaro teatr san’ati festivalining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov mamlakatimizda birinchi marta tashkil etilgan ushbu festival teatr san’ati fidoyilari uchun g‘oyat manfaatli bo‘lganini ta’kidladi. 

– Festival chin ma’noda do‘stlik bayrami sifatida o‘tkazildi, – dedi vazir O.Nazarbekov. – Bu tadbirda musobaqalashishdan ko‘ra, teatrlar o‘rtasidagi ijodiy hamkorlikni keng yo‘lga qo‘yishga katta e’tibor qaratildi. Shuning uchun festivalda o‘rinlarni belgilamadik. Sir emaski, bugungi kunda inson ma’naviyati, madaniyatiga bir muncha putur yetmoqda. Bu o‘rinda eng katta tarbiya vazifasini teatr bajaradi. Ma’lumki, hozirgi kunda teatrlarda ham o‘ziga yarasha muammolar bor. Mazkur festival vositasida mavjud muammolarga yechim topishga intildik. O‘ylaymanki, teatr jamoalari o‘zlari uchun yangi ijodiy maydonni kashf etdilar. 

Ushbu festival xalqlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, professional teatr jamoalari faoliyatini ommalashtirish, teatr ijodkorlarining doimiy hamkorligini yo‘lga qo‘yish, o‘zaro tajriba almashishdek maqsadlarga xizmat qilgani bilan ahamiyatlidir. 

Festivalda 11 ta xorijiy davlat, yurtimizdan esa 15 ta teatr jamoasi o‘zining eng sara spektakllari bilan qatnashdi. 

– O‘zbekistonga bundan o‘ttiz yillar avval kelgandim, – dedi fransiyalik rejissyor va prodyuser Kristof Fetriye. – O‘shanda atoqli rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev bilan hamkorlikda “Tartyuf” spektaklini sahnalashtirgandik. Men o‘zbekistonlik aktyor do‘stlarim bilan yana uchrashganimdan juda mamnunman. Toshkent tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketibdi. U yanada chiroy ochgan. Ilk bor o‘tkazilayotgan bunday nufuzli festivalda ijodiy jamoalar eng yaxshi sahna asarlari bilan kelgani diqqatga sazovor. Mazkur festival turli gastrollarni tashkil etish, ijodkorlarning fikr almashishida yangi istiqbollarni ochadi. 


– “Yevroosiyo” xalqaro teatr san’ati festivali juda go‘zal tarzda o‘tdi, – dedi kanadalik dramaturg Javayid Donish. – O‘zbek san’ati juda maftunkor va betakror san’atdir. Bu festival Markaziy Osiyo mintaqasida ilk bora o‘tkazilayotgani, saviyasi bilan juda ahamiyatli bo‘ldi. 

Faol ishtirokchilar taqdirlandi. TURKSOY tashkilotining maxsus sovg‘asi “Qorako‘z” spektakli uchun G.Musrepov nomidagi Qozog‘iston davlat bolalar va o‘smirlar teatr jamoasiga topshirildi. 

Tadbirda san’at ustalari ijrosidagi katta konsert dasturi namoyish etildi. 

Nazokat Usmonova, O‘zA