English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
San’at maktabida qobiliyatli yoshlar kamol topmoqda
17:14 / 2024-02-20

San’at zamonlar osha insonlar qalbini zabt etib, ko‘ngillarga ajib bir tuyg‘uni jo aylagan. Musiqa eshitamizmi, yo biror bir san’at asarini tomosha qilamizmi, kulolchilik buyumlari, momomeros kashtalarni ko‘zdan kechiramizmi, qalblarimiz taskin topadi, ularning go‘zalligidan hayratlanamiz va bahra olamiz.

Bugungi kunda avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz, kasb-hunarlarni asrab-avaylash, ularni o‘rgangan holda yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. 

Bunda, albatta, hududlarda tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan san’at maktablarining alohida o‘rni bor. 

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tasarrufidagi Navoiy ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatida 3 ta yo‘nalish, 10 ta mutaxassislik mavjud bo‘lib, 200 nafarga yaqin o‘quvchiga 48 nafar o‘qituvchi saboq berib kelmoqda. 

– Ta’lim muassasamizda faoliyat olib borayotgan mutaxassislik fani o‘qituvchilaridan 6 nafari Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, o‘qituvchilarimizning bir nafari rus tili, bir nafari informatika fanidan “Google Certified Educator” sertifikatlarini olgan, – deydi maktab-internat direktori Akram Yakubov. – Maktabimizga o‘quvchilar 5-sinfdan qabul qilinib, mutaxassislik fanlarida yakka tartibda mashg‘ulotlar olib boriladi. O‘quvchilarimizning amaliyot o‘tashi uchun Buxoro ixtisoslashtirilgan san’at maktabi, Nurota tuman 5-son Bolalar musiqa va san’at maktabi hamda Ijodkorlar uyushmasi viloyat bo‘limi bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. Bitiruvchilarimiz bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi. 2022-2023 o‘quv yilida 18 nafar bitiruvchi tamomlagan bo‘lib, ularning 11 nafari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan. Oliy ta’lim muassasasilariga o‘qishga kirmagan bitiruvchilar tadbirkorlik hamda o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanib kelmoqda. 

Sulaymon Istamtoshev ham mazkur maktab-internat tarbiyalanuvchisi. U avloddan avlodga o‘tib kelayotgan kulolchilik san’atini ulug‘lab kelmoqda. Sulaymon mazkur maktabni tamomlab, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida tahsil oldi. Hozir maktab-internatda bolalarga kulolchilik sir-asrorlarini o‘rgatib kelmoqda. 

– Men kulolchilik bo‘yicha uchinchi sulola vakiliman, – deydi Sulaymon. – Bobom va otamdan turli kulolchilik mahsulotlarini yasashni o‘rganganman. Mazkur yo‘nalishda bilimlarimni yanada boyitib, dastlab ushbu ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatida, keyinchalik esa oliygohda tahsil oldim. Hozir 100 nafardan ziyod shogirdim bor. Ularning erishayotgan yutuqlarini ko‘rsam, yasagan mahsulotlarini keltirib ko‘rsatishsa, to‘g‘risi faxr tuyg‘usini tuyaman. Shogirdlar kamolini ko‘rish baribir boshqacha-da. 

– O‘zim Samarqand viloyatining Qattaqo‘rg‘on shahrida tug‘ilganman, – deydi Elyor Ergashev. – 4 yildan buyon ustozimdan turli hajmdagi ko‘za, lagan, vaza kabi kulolchilik mahsulotlarini yasashni o‘rganmoqdaman. Kelgusida bu kasbni mukammal egallab, o‘z ustaxonamni ochish niyatidaman. 

[gallery-16054]

Darvoqe, maktab-internatda iqtidorli, o‘z ustida tinmay ishlab, bir qator tanlovlarda yutuqlarni qo‘lga kiritib kelayotgan o‘quvchilar talaygina. 

Jumladan, o‘tgan yili Tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishlarida o‘tkazilgan “Ijodkor yoshlar” respublika tanlovida 6 nafar o‘quvchi ishtirok etib, Lutfillayev Alpomish 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Xolmo‘minov Sanjar va Po‘latova Anastasiya sovrindorlar qatoridan joy oldi. Shuningdek, 2023 yil – “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” munosabati bilan “Bahor bu joziba, bahor bu ilhom” shiori ostida o‘tkazilgan Xalqaro tasviriy va amaliy san’at festivalida Xayrullayev Javohir oltin, Xudoynazarov Behruz va Ibodullayeva Shalola kumush, Norqo‘ziyeva Mohidil bronza medali bilan taqdirlangan bo‘lsa, yana 15 nafar o‘quvchi festival diplomi va sertifikatlarini qo‘lga kiritdi.

– O‘zim Navoiy viloyatining Konimex tumanida tug‘ilganman, – deydi Alpomish Lutfillayev. – San’atga qiziqqanligim bois ota-onam mazkur maktab-internatga o‘qishga berishgan. Hozir 10-sinfda o‘qiyapman. San’atning interer dizayn yo‘nalishi bilan shug‘ullanaman. Ustozlarimdan bu hunarning sir-asrorlarini qunt bilan o‘rganmoqdaman. Kelgusida olgan bilim va ko‘nikmalarimni yanada mustahkamlab, ota-onam va ustozlarim ishonchini oqlayman. 

Maktab-internatning nafaqat o‘quvchilari, balki o‘qituvchilari ham turli ko‘rik-tanlovlarda ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritmoqda. 

Oydinbek Maxtaganov o‘quvchilarga rangtasvir yo‘nalishida saboq beradi. Rasm chizishga bo‘lgan qiziqishi uni 1998 yili ana shu maktab-internatiga olib kelgan. Ikki yil shu dargohda saboq olgan Oydinbek oliygohda o‘qidi. O‘qishni tamomlagach, 2007 yildan buyon shu yerda o‘qituvchilik faoliyati bilan shug‘ullanib keladi. Joriy yil fevral oyi avvalida Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi miqyosida tashkil etilgan halqaro ilmiy-amaliy ko‘rik tanlovida “Eng yaxshi xizmatlari uchun” yo‘nalishida g‘olib deb topildi. 

– Ko‘rik- tanlovga “Qadim va navqiron Nurota – rassom nigohida” nomli maqolamni taqdim etgandim, – deydi Oydinbek. – Unda qadim va navqiron Nurota rassom nigohida qanday gavdalanishi, ushbu ziyoratgoh taassurotlari, ota-bobolarimizning boy adabiy merosi, Nurota tumani geografiyasini tasviriy san’atda gavdalantirish haqida so‘z yuritilgan. Men rassom sifatida aynan Nurota tumanining go‘zal tabiati, iqlimini tasvirlashga harakat qildim va o‘z ijodimda namoyon etdim. Bunda rangtasvirdan foydalandim. Chunki tabiat manzarasi tasviri orqali ijodkor o‘zining yurtiga, Vataniga, ona tabiatga bo‘lgan munosabatini ifodalaydi. Tabiat tasviri syujetning tarkibiy qismlaridan biri bo‘lib, asarning g‘oyaviy-estetik quvvatini oshirish, syujet rivojini tezlatish yoki sekinlatish, qahramonning ichki dunyosini ochish kabi vazifalarni bajaradi. O‘qituvchining tasviriy san’atdan maxsus bilim va malakaga ega bo‘lishi o‘quvchilarning badiiy-ijodiy qobiliyatini, badiiy didni, rang sezishni, fazoviy tasavvurini, buyuk rassomlar asarlari go‘zalliklarini ko‘ra bilishga va ularni hissiy idrok etishga olib keladi. Qadim va navqiron Nurota – rassom nigohida aks etishi yosh avlod qalbida faxr, g‘urur hissining shakllanishiga xizmat qiladi. Shuning uchun tarixiy obidalarimizga hurmat uyg‘otish bizning burchimizdir. 

Bugungi kunda ham maktab-internatda ijodiy jarayon qaynamoqda. Kimdir portret janrida rasm chizayotgan bo‘lsa, yana kimdir tikuvchilik sirlarini o‘rganmoqda. Boshqa birovi esa kulolchilikda o‘z mahoratini sinab ko‘rmoqda. Xullas, bu yerda o‘quvchilarning vaqti taqsimlangan. Kimki o‘z ustida tinimsiz ishlasa, ustozlar bergan saboqdan to‘g‘ri foydalansa, oldiga qo‘ygan maqsadga, albatta erishadi. 

Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA muxbirdari