Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
San’at darg‘asiga ehtirom
15:17 / 2025-08-06

Inson doim yaxshi qo‘shiqqa, mukammal musiqaga ehtiyoj sezadi. Ustoz xonanda, O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev millionlab muxlislarning qalbini zabt etgan betakror san’atkor, o‘zbek milliy qo‘shiqchilik san’atining sardori edi. Hofizni xalqimiz cheksiz mehr va ehtirom, alohida hurmat bilan yodga oladi. Qo‘shiqlarini intiqlik bilan tinglaydi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan keyingi yillarda milliy san’atimiz rivojiga ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibor, adolatning tiklanishi asl qo‘shiqchilik an’analarini  saqlash va targ‘ib etish, ustozlar merosini qadrlash borasida yangi sahifani ochib berdi.      

Bu jihatlar betakror san’atkor, buyuk qalb sohibi, milliy qo‘shiqchiligimiz qiroli, O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev  ijodini ardoqlash, uning ko‘p yillik mehnatlarini yuksak e’tirof etish, san’atini targ‘ib etish, san’atkorning o‘ziga, oilasiga e’tibor, ehtirom ko‘rsatish bo‘yicha amaliy ishlarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.  

Yurtboshimiz tomonidan 2025 yil 28 iyul kuni “O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev xotirasini abadiylashtirish va uning ijodiy maktabi an’analarini munosib davom ettirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorning qabul qilinishi nainki san’atkorning oila a’zolari va yaqinlari, balki millionlab muxlislarning qalbini quvonchga to‘ldirgani, haqiqatning mudom ustuvorligiga ishonch tuyg‘ularini mustahkamlagani aniq.      

Ustoz san’atkor qanday og‘ir vaziyatga duch kelmasin, Vatanni tashlab ketmadi. San’atga, xalqqa, muxlislarga xiyonat qilmadi. To‘ylar, davralarda o‘z ijrosi bilan xalqimizni mamnun etishda davom etaverdi. Buyuk hofiz Sherali Jo‘rayevni, uning betakror qo‘shiqlarini, tengsiz ovozini  xalqimiz nechog‘li yaxshi ko‘rgani to‘ylar, davralar, konsert dasturlarining videolari orqali barchamizga yaxshi ayon.  San’atkorning shaxsiy tashabbusi asosida yo‘lga qo‘yilgan “Ishqning yetti jilosi” nomli ma’rifiy-ma’naviy loyiha mumtoz adabiyotimizning Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi namoyandalarining ijodini targ‘ib etish, milliy musiqamizning darajasini yuksaltirishda alohida ahamiyat kasb etadi.  

Mamlakatimizda esa boshlangan yangilanish shabadalarida bir jihat – adolat va haqiqatning tiklanishi ustuvorligi xalqimiz tomonidan ham, xalqaro jamoatchilik tomonidan ham yuksak e’tirof etilmoqda. San’atkor ijrosidagi  qo‘shiqlar yana efirlarda, oynaijahon orqali yangray boshlagani, ustoz hofizning Mustaqillik, Navro‘z kabi xalqimizning eng ardoqli bayramlariga bag‘ishlangan davlat tadbirlarida faol ishtirok etgani,  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari asosida Sherali Jo‘rayevning “Fidokorona xizmatlari uchun”, “El-yurt hurmati” ordenlari bilan taqdirlangani ana shu haqiqatni tiklash yo‘lidagi ezgu qadamning yorqin namunasidir.  

Aslida Prezident Shavkat Mirziyoyev 2024 yil 16 fevral kuni  Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida  o‘zbek qo‘shiqchilik san’ati rivojida o‘chmas iz qoldirgan O‘zbekiston va Tojikiston xalq artisti, Alisher Navoiy mukofoti sovrindori, mashhur hofiz Sherali Jo‘rayev nomini barchamiz alohida hurmat bilan esga olishimizni ta’kidlab, Andijon shahridagi san’at maktabiga Sherali Jo‘rayev nomini berish taklifini ilgari surgan edi. Shuningdek, bu maktab Musiqa va san’at kollejiga aylantirilib, grant asosida zamonaviy kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilishi, yangi o‘quv va turar joy binosi, zarur infratuzilma ob’ektlari barpo etilishi, Sherali Jo‘rayev byusti o‘rnatilishi xususidagi g‘oyani ilgari surgandi.  

Prezidentimizning  2025 yil 28 iyulda qabul qilingan “O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev xotirasini abadiylashtirish va uning ijodiy maktabi an’analarini munosib davom ettirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mashhur hofiz va bastakor xotirasini abadiylashtirish, uning ijodiy an’analarini davom ettirish borasida yangi imkoniyatlarni ochishga xizmat qiladi.  

Ushbu hujjatga ko‘ra,  Andijon ixtisoslashtirilgan san’at maktabi negizida Sherali Jo‘rayev nomidagi musiqa va san’at oliy maktabi tashkil etiladi. Oliy maktab Madaniyat vazirligi tizimiga kiradi hamda unda o‘quv jarayoni 2025/2026 o‘quv yilidan boshlanadi.  

Oliy maktabga Madaniyat vazirligi tomonidan shakllantiriladigan har yilgi qabul kvotalari doirasida boshlang‘ich musiqiy bilimga ega bo‘lgan o‘quvchilar ijodiy sinov asosida 9-sinfdan qabul qilinadi.  Unda o‘quv jarayoni davlat grantiga asoslangan 3 yillik o‘quv dasturi bo‘yicha tashkil etiladi hamda uning bitiruvchilariga  o‘rta maxsus kasbiy ta’lim to‘g‘risida davlat namunasidagi diplom beriladi.  

Mazkur qarorga asosan, san’at bilim dargohida o‘quv dasturlari ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tayanch oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat ta’lim dasturlari bilan o‘zaro integratsiya qilinadi.  

O‘z navbatida Madaniyat vazirligi tomonidan respublikaning boshqa hududlarida faoliyat olib borayotgan sohaning yetakchi professor-o‘qituvchi va mutaxassislarini Oliy maktabda o‘quv jarayoniga jalb etish, seminar, ochiq dars, mahorat darslari hamda maxsus kurslar tashkil etish, tasarrufidagi oliy ta’lim tashkilotlarining yetakchi professor-o‘qituvchilari tomonidan o‘quv dasturlarga muvofiq seminar, ochiq dars, mahorat darslari hamda maxsus kurslar tashkil etish hamda ularni qo‘shimcha rag‘batlantirib borishga e’tibor qaratiladi. Shu bilan birga  har yili milliy qo‘shiqchilik va ijro san’ati bo‘yicha Sherali Jo‘rayev nomidagi televizion tanlovni o‘tkazish,  tanlov g‘oliblarini qonunchilikka muvofiq oliy ta’lim tashkilotlariga imtiyozli qabul qilish tartibini joriy etish bo‘yicha amaliy ishlar olib boriladi.  

Shu bilan birga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda har yili milliy qo‘shiqchilik va ijro san’ati, shu jumladan, Sherali Jo‘rayev ijodiy yo‘nalishi va faoliyati bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi doirasida maqsadli ilmiy-tadqiqot loyihalarini shakllantirib borish, Oliy maktabda Sherali Jo‘rayev ijodiy yo‘nalishi va faoliyati bo‘yicha ilmiy-ijodiy laboratoriya faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ahamiyat qaratiladi.  

Oliy maktab uchun qo‘shimcha 200 o‘rinli o‘quv binosi qurish hamda zarur infratuzilma ob’ektlari bilan ta’minlash ishlari  amalga oshiriladi. Badiiy akademiya bilan birgalikda Oliy maktab hududida Sherali Jo‘rayev byusti o‘rnatiladi. Har yili aprel oyida xalqimizning ardoqli san’atkorining  tavallud sanasini keng nishonlashga e’tibor qaratiladi. 2026 yil yakuniga qadar Oliy maktabda zamonaviy ovoz yozish va tasvirga olish studiyasi tashkil etilib, undan iqtidorli yosh ijodkorlarning imtiyozli asosda foydalanishi keng  yo‘lga qo‘yiladi.  

Bularning barchasi ustoz san’atkor Sherali Jo‘rayev ijodini asrab-avaylash, keng targ‘ib etish, xotirasiga e’zoz va ehtirom ko‘rsatish orqali ulg‘ayib kelayotgan yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish, san’atimizdagi asl an’analarni, milliylikni saqlash borasidagi ibratli ishlarning amaliy ifodasidir.  

Nazokat Usmonova,

O‘zA muxbiri