Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
San’at darg‘alari xotirasiga bag‘ishlangan ijodiy kecha
09:44 / 2025-12-01

Poytaxtimizdagi O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida O‘zbekiston xalq artisti Soyib Xo‘jayev tavalludining 115 yilligi va O‘zbekiston xalq artisti Baxtiyor Ixtiyorov tavalludining 85 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi tashkil etildi.

Tadbirda Kinematografiya agentligi mas’ul xodimlari,  kinoijodkorlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari  ishtirok etdi.

Kinematografiya agentligi axborot xizmati rahbari Sayfulla Rajabov aktyorlarning hayoti va ijodiy faoliyati, milliy kino san’ati taraqqiyotidagi o‘rni haqida iliq fikr-mulohazalar bildirdi.

Ma’lumki, ustoz san’atkor Soyib Xo‘jayev yuksak mahoratli, asosan komik yo‘nalishda ijod qiluvchi aktyor edi. Rolining katta yoki kichikligidan qat’i nazar, uning ijrosi spektakllar va badiiy filmlarga o‘zgacha kayfiyat, zavq, fayz bag‘ishlagan. Xalqimiz, ayniqsa, katta avlod vakillari Soyib Xo‘jayevni “Toshbolta oshiq” spektaklidagi ijrosi, “Yor-yor”, “Shum bola”, “Maftuningman”, “Ajoyib xayolparasat”, “Chinor ostidagi duel” kabi milliy filmlardagi rollari orqali ehtirom bilan yodga oladi.  

O‘zbekiston xalq artisti Baxtiyor Ixtiyorov ham kino va teatr san’atida unutilmas, o‘ziga xos iz qoldirgan darg‘a san’atkorlardan sanaladi. Baxtiyor Ixtiyorov poytaxtimizdagi bir qator yetakchi teatr jamoalarida samarali mehnat qilgan. Kinoda yorqin va betakror, esda qolarli rollar ijro etgan edi.  

Tadbirda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti o‘quv teatri birinchi toifali drama artisti Bahodir Fozilov tomonidan ustoz san’atkorlar ijodiga bag‘ishlangan maxsus parodiya lavhalari  ijro etildi.  

O‘zbekiston Kino san’ati muzeyi tomonidan esa san’atkorlar hayoti va ijodiga oid fotoko‘rgazma ham tashkil etildi.  

Tadbir davomida Soyib Xo‘jayev hamda Baxtiyor Ixtiyorov ishtirokidagi “Yor-yor” badiiy filmi namoyish etildi.

N.Usmonova,  

O‘zA