Ilmiy salohiyat bugungi kunda oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot sohalarining raqobatbardoshligini belgilovchi muhim mezonlardan biri. Shu bois, Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan ilmiy unvonlar berilishiga oid ishlarni yanada takomillashtirishga ilm-fanning yuksalish omili sifatida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 2 sentyabrdagi tegishli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida faoliyat yuritayotgan 8 nafar atoqli san’atkor – O‘zbekiston xalq artistlari, O‘zbekiston xalq hofizlari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar va san’at arboblari jumladan, Isroiljon Vahobov, Zulayxo Boyxonova, Og‘abek Sobirov, Qahhor Rahimov, G‘ulomjon Eshchonov, G‘afur Eshchonov, Nasiba Sattorova, Dilfuza Rahimova, Muhabbat Solihovaga professorlik va dotsentlik ilmiy unvonlarini topshirish marosimi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov mamlakatimizda ijodkor ziyolilar, san’at va madaniyat ahlini qo‘llab-quvvatlash masalasi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning doimiy e’tiborida ekanini e’tirof etdi.
Tantanali tadbirda madaniyat vaziri O.Nazarbekov ilmiy unvonlarni o‘z sohiblariga topshirdi.
* * *
Kunning ikkinchi qismida mazkur oliy o‘quv yurtida poytaxtni ekologik toza hududga aylantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Tadbir doirasida “Ilm va salomatlik - taraqqiyot poydevori” shiori ostida velomarafon o‘tkazildi.
Marafonning yakuniy qismida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti rektori, professor Eldor Shermanov tomonidan institut jamoasidagi professor-o‘qituvchilar, jumladan, fidokor ayol xodimlarga yuksak e’tibor ifodasi sifatida 20 dona zamonaviy velosiped topshirildi.

Bu hadya shunchaki oddiy sovg‘a emas, balki sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, ekologik madaniyatni yuksaltirish va transport vositalaridan foydalanish madaniyatini qayta ko‘rib chiqish zaruratini anglatadigan amaliy tashabbusdir.
Tadbir doirasida madaniyat vaziri boshchiligida qator xodimlar Toshkent shahar ko‘chalari bo‘ylab velosipedda harakatlanib, ushbu tashabbus orqali nafaqat yosh avlodga, balki butun jamiyatga tabiatga mehr, toza havo va sog‘lom hayot tarziga o‘z munosabatini bildirdi.
Aytish joizki, institut bugungi kunda nafaqat o‘zbek musiqa merosini asrab-avaylash va targ‘ib qilish, balki yoshlar ongida ekologik va madaniy qadriyatlarni singdirishda ham faol ishtirok etmoqda.
Bu ibratli ishlar jamiyatimizda ekologik madaniyatni yuksaltirish, aholining transport vositalaridan foydalanish borasidagi qarashlarini sog‘lomlashtirish va ayniqsa, oliy ta’lim muassasalari misolida barqaror yashash tarzini shakllantirish yo‘lidagi navbatdagi ijobiy qadam bo‘ldi. Shubhasiz, bu kabi tashabbuslar yurtimizda olib borilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlar va inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyat qurilishi yo‘lida yuksak ma’naviy mas’uliyatni ifodalaydi.

N.Usmonova, O‘zA