“Samsung” sovutkichlari O‘zbekistonda ishlab chiqarilmoqda
Poytaxtimizdagi “Polaris Technologies” xorijiy korxonasida Janubiy Koreyaning “Samsung Electronics” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Samsung” savdo belgisi ostida zamonaviy sovutkichlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Poytaxtimizdagi “Polaris Technologies” xorijiy korxonasida Janubiy Koreyaning “Samsung Electronics” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Samsung” savdo belgisi ostida zamonaviy sovutkichlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi, “O‘zeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi, “Samsung Electronics” kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri Elyor G‘aniyev, Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Kvon Yon U, “Samsung Electronics” kompaniyasining mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Min Shin Vung va boshqalar O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Prezidentimiz Islom Karimovning 2015 yil may oyida Koreya Respublikasiga davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tardi. Tashrif doirasida imzolangan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnikaviy va boshqa sohalarga oid hujjatlar xalqlarimiz manfaatlariga xizmat qilayotir.
Mazkur tashrif doirasida Janubiy Koreyaning “Samsung Electronics” kompaniyasi bilan hamkorlikda zamonaviy sovutkichlar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishga kelishilgan. Shu maqsadda “O‘zeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiruvchi “Artel” brendi ostida sovutkichlar ishlab chiqarayotgan “Polaris Technologies” xorijiy korxonasida Janubiy Koreya, Yaponiya, Italiya va Xitoydan zamonaviy dastgohlar keltirildi. Ularni o‘rnatish va ishga tushirish tadbirlari “Samsung Electronics” kompaniyasi ekspertlari ishtirokida bajarildi.
Umumiy qiymati 4 million dollarlik loyihaning amalga oshirilishi natijasida mamlakatimizda “Samsung” brendi bilan to‘rt turdagi zamonaviy sovutkichlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
– O‘zbekistonda chet ellik investorlar uchun joriy qilingan imtiyoz va preferensiyalar tizimi mamlakatlarimiz korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, yangi texnologiyalarni faol jalb etgan holda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yanada kengaytirishda muhim omil bo‘lmoqda, – deydi “Samsung Electronics” kompaniyasining mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Min Shin Vung. – “Artel” kompaniyalar guruhi bilan besh yildan beri hamkorlik qilib kelmoqdamiz. O‘tgan davrda nafaqat ichki bozorni talabgor mahsulotlar bilan to‘ldirish, balki qo‘shni davlatlarga ham eksport hajmini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldik.
290 va 320 litr hajmli “Samsung” sovutkichlarida R-600 ekologik xavfsiz xladagentlari, shuningdek, A+ toifali energiya tejamkor invertorli kompressorlar o‘rnatilgan. Ishlab chiqarish jarayoniga kuchli sifat nazorati tizimlari joriy etilgan. Zamonaviy texnologiya va laboratoriya, malakali mutaxassislar mahsulotlarning yuqori sifatini ta’minlash imkonini beradi.
Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. Birinchi bosqichda mahalliylashtirish darajasi qariyb 40 foizni tashkil etadi. Kelgusida mahalliy mahsulotlardan foydalanish darajasi yanada kengaytiriladi.
Yangi liniyaning ishga tushirilishi natijasida qirqdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi. Ularning aksariyatini kasb-hunar kolleji bitiruvchilari egalladi.
– Aloqa kasb-hunar kollejini tamomlab, shu yerga ishga kirdim, – deydi yig‘uvchi Sherzod Nazarov. – Eng zamonaviy texnologiyalar yordamida dunyoga mashhur brend ostida mahsulot ishlab chiqarishga hissamizni qo‘shayotganimizdan g‘ururlanamiz, ayni paytda bu bizga ulkan mas’uliyat yuklaydi.
Yangi turdagi maishiy texnika vositasidan joriy yil oxiriga qadar 6 ming dona ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Eksport hajmini oshirish maqsadida “Samsung Electronics”ning distribyuterlik tarmoqlaridan faol foydalanish ko‘zda tutilgan.