Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida aholi o‘rtasida gimnastika sport turlari ommaviyligini oshirish, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish tizimini takomillashtirish, xalqaro talab va standartlar asosida professional sportchilarni tayyorlash orqali milliy terma jamoalarimizning nufuzli musobaqalarda yuqori natijalarga erishishini ta’minlash ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan.
Shu maqsadda o‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda gimnastika sport turlari bo‘yicha qator turnirlar, chempionat va amaliy mashg‘ulotlar tizimli ravishda o‘tkazib kelinmoqda.

Kuni kecha poytaxtimizdagi Gimnastika markazida tramplindan sakrash bo‘yicha o‘tkazilgan “Samodan baland” turniri ayni maqsadlarga xizmat qildi.
Yosh sportchilar uchun katta sport bayramini tuhfa etgan musobaqada Belarus, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonning 150 nafarga yaqin eng sara sportchilari o‘z mahoratlarini namoyish etishdi.
Xalqaro maydonda o‘zbek gimnastika maktabiga qiziqishning ortib borayotganini va sport aloqalarining mustahkamlanayotganini yana bir bor namoyish etgan turnirning ikki kunlik murosasiz bahslar davomida tomoshabinlar iste’dodli tramplinchilarning ajoyib chiqishlariga guvoh bo‘lishdi.

“Samodan baland” musobaqasining murosasiz bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 3 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
G‘olib va sovrindorlar medal, diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA