French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samo lochinlari “parvozga” shaylandi
11:00 / 2023-06-25

Qarshi shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida ofitser bo‘lishni maqsad qilib, 5 yil davomida uchuvchilik va muhandislik sohalari bo‘yicha saboq olgan samo lochinlarining navbatdagi bitiruv tantanalari bo‘lib o‘tdi.

Tantanali marosimda so‘zga chiqqanlar yosh ofitserlarni qutlab, yaratilgan shart-sharoitlar va imkoniyatlar to‘g‘risida to‘xtalib, ularga ta’lim-tarbiya bergan ustoz-murabbiylar va ota-onalarning mehnatini e’tirof etdi.

Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti bitiruvchilariga diplom va ko‘krak nishonlarini mudofaa vazirining o‘rinbosari HHMQ va HHK qo‘mondoni general-mayor A.Burxonov, JG‘MHO qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Z.Iminov va boshqa jamoat tashkilotlari vakillari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari hamda boshqa davlat va jamoat tashkilotlaridan kelgan mehmonlar birgalikda tantanali topshirdi. Ularga havo sarhadlarini mardonavor qo‘riqlashda komandir va boshliqlar tomonidan shakllantirilgan bukilmas iroda va pok vijdonga sodiq qolishlari tilandi.

O‘z xalqi, Prezidenti va yigitlik sha’ni oldidagi mas’uliyat ramziy ma’noda yosh leytenantlar yelkasiga yulduzlar shaklida joylandi. Bitiruvchilar ham yaratilgan shart-sharoitlar, berilgan bilim, tajriba va ko‘nikmalar uchun o‘z minnatdorligini izhor qildi.

Farzandlarining bitiruv oqshomiga tashrif buyurgan ota-onalarning ko‘zlariga hursandchilik yoshlari qalqidi. 

– O‘g‘lim bugun ofitser bo‘lib, bilim yurtini namunali xulq bilan tamomladi, ish faoliyatini harbiy aviatsiya sohasida davom ettirish uchun yo‘llanma oldi, – deydi navoiylik bitiruvchi Anvar Rahmonovning onasi Ma’rifat Abdurahmonova. – Bundan faxr tuydim. Ochig‘i farzandimizning harbiy bo‘lishini istamagandik, ammo o‘g‘lim maqsadida qat’iy turgach oq yo‘l tiladik. Lekin bugun uni harbiy libosda vatan himoyasiga shay ekanini, ko‘zlaridagi shijoatni ko‘rib ko‘zlarimga quvonch yoshlari qalqidi. Oq fotiha berdim. Yurtimizning tinchligiga ko‘z tegmasin.

[gallery-12477]

Tantanali marsh va bilim yurti kursantlarining maxsus chiqishlari, shuningdek, gornizon orkestrining jonli ijrodagi mardonavor musiqalari ishtirokchilarda iliq taassurot qoldirdi. 

O‘lmas Barotov,

Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.