Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sammit do‘stlik, qardoshlik aloqalarini yanada mustahkamlaydi
16:24 / 2022-11-12

Samarqand azal-azaldan dunyo mamlakatlarini bir maqsad va maslak yo‘lida birlashtirishda muloqot markazi vazifasini bajarib kelgan. Yaqinda navqiron shahar uzoq-yaqin mamlakatlarning bir nechta eng nufuzli anjumanlariga mezbonlik qildi. Jumladan, Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari kengashining ilk yig‘ilishi ham Samarqand shahrida muvaffaqiyatli o‘tkazildi hamda bir qator muhim natijalarga erishildi.

bugungi kunda Samarqand shahrida o‘tgan mazkur sammit haqida keng jamoatchilik tomonidan qizg‘in munosabat va fikr-mulohazalar bildirilmoqda. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ham bu borada o‘z munosabatlarini bayon qilishmoqda.

Dilorom IMOMOVA, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:  — Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) beshta mamlakatni – Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, O‘zbekistonni birlashtiradi. Yana ikki mamlakat – Turkmaniston va Vengriya kuzatuvchi maqomiga ega. Ushbu mamlakatlarda taxminan 173 million kishi yashaydi, bu dunyo aholisining 2 foizdan ko‘prog‘ini tashkil qiladi.

TDTning o‘ziga xosligi ushbu tashkilotning hamkorlik uchun ko‘p qirrali yo‘nalishlari mavjudligida. Xususan, Naxichevan bitimining 2-moddasiga binoan tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, qo‘llab-quvvatlash masalalari, shuningdek, siyosiy, savdo-iqtisodiy, huquqni muhofaza qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish, madaniy, ilmiy-texnik, harbiy-texnik, ta’lim, energetika, transport, kredit sohalarida samarali mintaqaviy va ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari tashkilotning muhim maqsad va vazifalari orasidan o‘rin olgan.

O‘z navbatida TDT doirasidagi hamkorlik savdo va investitsiya uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, bojxona va tranzit tartibini yanada soddalashtirish, shuningdek, fan va texnika, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, yoshlar, sport va turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, turkiy xalqlarning buyuk madaniy va tarixiy merosini ommalashtirishga qaratilgan.

Tashkilot doirasida iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va o‘zaro savdo hajmini oshirishga e’tibor qaratilayotgani muhim ahamiyatga ega. Iqtisodiyotni mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, infratuzilmani takomillashtirish va boshqa muhim choralarni o‘z ichiga oladi. Mazkur yo‘nalish doirasida TDT huzurida Investitsiya fondi va Taraqqiyot bankini yaratish g‘oyalari ham istiqbolli sanaladi. Bunday loyihalar mamlakatlarga o‘z sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish va investitsiyalarni yanada samarali boshqarish imkonini beradi.

Savdo hamkorligi nuqtai nazaridan Kaspiy dengizi orqali Sharq-G‘arb yo‘laklari orqali savdo qilishdagi iqtisodiy to‘siqlarni olib tashlashga e’tibor qaratilmoqda. Bu yo‘nalishda ishlar boshlangan. 2021 yilning noyabr oyida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida «Raqamli TIR» pilot loyihasi ishga tushirildi va mart oyida ushbu loyiha Qirg‘izistonni ham qamrab oldi.

Tashkilot dunyoda birinchi marta O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida ePermit loyihasini test rejimida ishga tushirishga muvaffaq bo‘ldi. Keyingi bosqichda esa Qozog‘iston bilan ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuv mavjud. Bundan tashqari, TDT mamlakatlarida BMTning Yevropa bo‘yicha iqtisodiy komissiyasi bilan birgalikda eCMR vositasini joriy etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Mazkur yo‘nalishda investitsiya loyihalarini kengaytirish muhim ahamiyatga ega. Xususan, o‘zaro manfaatli investitsiya faoliyatini amalga oshirish tashkilotga a’zo mamlakatlar, jumladan, O‘zbekistonning manfaatlari uchun ham mos keladi.

Bir so‘z bilan aytganda, TDT turkiy tilli mamlakatlarni birlashtirgan, ko‘plab sohalarda rivojlanish istiqbollariga ega bo‘lgan istiqbolli mintaqaviy tashkilotdir. Shuning uchun ushbu tashkilotning barcha a’zolari, shu jumladan, O‘zbekiston uchun TDT doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash har tomonlama rivojlanish va barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Barno Mirzamova, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:  — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida nutq so‘zlab, muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surdi. Mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p tomonlama munosabatlarni rivojlantirish uchun birgalikda salmoqli ishlar qilingani e’tirof etildi. Shu bilan birga, hali katta salohiyat va ulkan imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayotgani ham ta’kidlanib, bu borada hamkorlikning savdo-iqtisodiy poydevorini yanada mustahkamlash maqsadga muvofiqligi aytib o‘tildi.

 

Davlatimiz rahbari savdo, investitsiya va xizmatlarning erkin harakatini ta’minlash uchun Tashkilot doirasida «yangi iqtisodiy imkoniyatlar hududi»ni barpo etish tashabbusini ilgari surdi. Ushbu maqsadlarga erishish uchun tashkilotga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlar hamda dunyo yetakchi biznes vakillarini keng jalb qilgan holda har yili Xalqaro turkiy iqtisodiy forumini o‘tkazish taklifini bildirdi. Ushbu Forum doirasida «davlat va biznes» formatida qo‘shma tadbirlar, tadbirkorlar uchrashuvlari va davra suhbatlari, innovatsion loyihalar taqdimotlari, ko‘rgazmalar o‘tkazish katta amaliy natija berishi ta’kidlandi.

Turkiy davlatlar tashkiloti nafaqat o‘z mamlakatlarini, balki tashqi bozorlarni ham qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashi ham dolzarb ahamiyat kasb etadi. Prezidentimiz bu boradagi ishlarni yanada yuqori bosqichga olib chiqish, aniq loyihalar asosida hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida qator takliflarni o‘rtaga tashladi.

Jumladan, TDTning global va ichki bozorlar ehtiyojlari, davlatlarning ishlab chiqarish imkoniyatlaridan kelib chiqib, oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishning samarali tizimini yaratish bo‘yicha tashkilot doirasida ko‘p tomonlama bitim qabul qilish vaqti kelganligi aytildi. Shuningdek, sohaga innovatsiyalar, zamonaviy bilim va ilg‘or texnologiyalarni jadal olib kirish maqsadida Turkiy davlatlar tashkiloti va Birlashgan millatlar tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti o‘rtasida keng qamrovli sheriklikni o‘rnatish muhimligi ilgari surildi. Turkiy agroforumni muntazam o‘tkazib borish va uning ikkinchi anjumanida «Smart» qishloq xo‘jaligi xalqaro ko‘rgazmasini tashkil etish lozimligi borasidagi takliflar bildirildi.

Umuman, sammit doirasida erishiladigan kelishuvlar, qabul qilinadigan hujjatlar nafaqat TDT makonida, balki dunyoning boshqa mintaqalarida ham barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiladi.

Dilbar Usmonova, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati: — Turkiy dunyo davlatlari va xalqlarining birlashishi mintaqada tinchlik, xotirjamlik, farovonlik, geosiyosiy hamda mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Turkiy davlatlar tashkiloti rahbarlari siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilish asnosida o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, turizm, energetika va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga ham e’tibor qaratdi.  

Bugun dunyoda geosiyosiy ziddiyatlar, global iqtisodiy inqiroz va iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari ortib borayotgan sharoitda Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlarining o‘zaro muloqoti bu dolzarb muammolarga yechim topishda hamda umumiy yondashuvlarni belgilab olishda nihoyatda muhimdir. Shu munosabat bilan O‘zbekiston o‘z raisligi davrida «Turkiy dunyo nigohi – 2040» konsepsiyasi hamda qabul qilingan Turkiy davlatlar tashkilotining besh yillik strategiyasini samarali amalga oshirish, 170 milliondan ortiq aholi yashaydigan ulkan mintaqani o‘z ichiga olgan tashkilot nufuzini yanada mustahkamlash va eng asosiysi – tarixi, tili va madaniyati mushtarak bo‘lgan qardosh xalqlarimiz va davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yuksak pog‘onaga olib chiqishga harakat qilinadi.

Tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitining Samarqand deklaratsiyasi qabul qilinganini alohida e’tirof etish joiz.  

 

Muhtarama Komilova tayyorladi. O‘zA