Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sammit doirasida hamkorlik uchrashuvlari o‘tkazildi
15:04 / 2025-07-29

Qishloq xo‘jaligida xalqaro hamkorlik mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, eksport salohiyatini oshirish, ilm-fan va texnologiyalarni jalb qilish hamda aholi farovonligini yaxshilashda muhim omil hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov BMTning “Oziq-ovqat tizimlari bo‘yicha Ikkinchi hisobot sammiti” (UNFSS+4) doirasida Italiya Respublikasi Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va o‘rmon xo‘jaligi vaziri janob Fransesko Lollobrijida bilan uchrashdi.

Muloqot davomida tomonlar o‘rtasida ikki davlat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Italiya tomoni O‘zbekiston delegatsiyasini joriy yilning 14–18-oktyabr kunlari Rim shahrida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan tashkil etiladigan “World Food Forum” — Jahon oziq-ovqat forumida ishtirok etishga taklif etdi.

Bundan tashqari agrosug‘urta tizimini takomillashtirish, ilg‘or texnologiyalar almashinuvi, tajriba asosida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, sammit doirasida vazir Ibrohim Abdurahmonov BMT Bosh kotibining birinchi o‘rinbosari Amina Jeyn Mohammed xonim bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat davomida O‘zbekiston tomoni mazkur sammitning yuqori saviyada, professional darajada va mukammal tashkil etilganini alohida ta’kidladi.

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA