O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida taniqli jurnalist, publitsist, uyushma a’zosi Nazira Qurbon qalamiga mansub "Kechinmalar va kechirmalar" hamda "Yo‘ldaman" nomli kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
"Jahon adabiyoti" jurnali bosh muharriri, ustoz jurnalist Ahmadjon Meliboyev, media sohada pedagog va jurnalist Muxtor Xudoyqulov, jurnalist Halim Sayyid va boshqalar Nazira Qurbon jurnalistikaning murakkab janrdaridan biri – publitsistika yo‘nalishida faol qalam tebratishini ta’kidladi.
–Nazira Qurbonning "Kechinmalar va kechirmalar" va "Yo‘ldaman" nomli kitoblarida boshqalar anglamagan, ko‘z ilg‘amagan hayotiy detallarni ziyrak nigohli jurnalist, publitsist ijodkor ko‘zi bilan ko‘rib, ilg‘ab, o‘quvchilarga mahorat bilan yetkaza olgan, – dedi ustoz jurnalist Ahmadjon Meliboyev. – Bu kitoblar ibratli, hikmatli, hayotiy voqealarga boy ekani bilan ahamiyatlidir.

"Kechinmalar va kechirmalar" kitobida esse, suhbatlar, tahliliy maqolalar o‘rin olgan. Ularni mutolaa qilar ekanmiz, muallifning kechinmalari, e’tiroflari, iqrorlarining o‘ziga xos va samimiy ifodasiga guvoh bo‘lish mumkin. Ushbu kitob keng o‘quvchilar va jurnalistika sohasi vakillari uchun mo‘ljallangan. Kitobga E’tiqodxon Ataqulova muharrirlik qilgan.
"Yo‘ldaman" nomli kitobda esa Nazira Qurbonning jurnalist sifatida ko‘plab xorijiy davlatlarda bo‘lib, ulardan hosil bo‘lgan qiziqarli xulosalariga keng o‘rin berilgan.
Har ikki kitob sodda, samimiy tilda yozilgani, hayotiy voqealarga boy ekani bilan ahamiyatli. Aytish joizki, Nazira Qurbon Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida tavallud topgan. 1992 yilda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan.
Ijodkor ko‘p yillar davomida bir qator ma’rifiy nashrlarda ishladi. U keng jamoatchilikka olima va publitsist sifatida ma’lum. U "Jurnalistikaning huquqiy asoslari" , "Jurnalistika psixologiyasi", "Jurnalistikaning xalqaro huquqiy asoslari", "Tahliliy jurnalistika", "Media huquqi", "Ma’rifat tarixi" kabi kitoblar muallifi, "Do‘stlik" ordeni sohibasi.
Nazira Qurbon ayni paytda O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining “Media nazariyasi va amaliyoti” kafedrasi mudiri, professor. O‘zbekiston Yozuvchilar hamda Jurnalistlar uyushmalari a’zosi.
Tadbirda yangi kitoblarning mazmuni va ahamiyati xususida batafsil so‘z yuritildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA