Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
SamDUning turkiyalik doktorantlari ikki davlat hamkorligini olqishlaydi
21:22 / 2022-03-29

Turkiya va O‘zbekiston munosabatlarida 2016-2022 yillar alohida o‘rin tutadi. Ikki davlat rahbarlari tarixiy adolatni tiklash yo‘lida tashlagan muhim qadamlar millionlar qalbida aks sado bermoqda. Xalqlarimiz o‘zaro intilmoqda, yaqinlashmoqda, bir-birlarini qo‘llab-quvvatlamoqda.

Turkiya O‘zbekiston uchun, O‘zbekiston Turkiya uchun muhim strategik hamkorga, hamnafasga aylandi. Turli sohalar qatori ilm-fan namoyandalari o‘rtasidagi aloqa ham yuksak bosqichga ko‘tarilganini ko‘rib, bilib turibmiz. Samarqand davlat universiteti Turkiyada ham mashhur. Bu yurtda o‘qish, ilmiy ish qilish uchun Samarqandning yetakchi oliygohini tanlayotgan yoshlar safi tobora kengaymoqda. Har ikki tomonning intilishi, qiziqishi, taklif va istaklari inobatga olinishi bir-birimizni yanada yaxshiroq tushunish, anglash imkoniini bermoqda. SamDUda turkiyalik o‘nlab olimlar dars o‘tayotgani, ilmiy tadqiqotchilar izlanish olib borayotgani fikrimiz dalilidir.

Emrah Yilmaz, SamDU doktoranti:

- Samarqandga kelib ta’lim olish yoshlikdagi niyatim edi. Xalqlarimiz o‘rtasida tiklangan azaliy qardoshlik rishtasi tufayli orzularimdan biri amalga oshib, bugungi kunda filologiya fakulteti doktorantura bosqichida tahsil olyapman. Taniqli turkolog olim, filologiya fanlari doktori, professor Jo‘liboy Eltazarov ilmiy rahbarligida “Mahtumquli Firog‘iy asarlaridagi frazeologizmning leksikologik va semantik tadqiqi” mavzusida tadqiqot olib boryapman. 10 ga yaqin ilmiy maqolam nufuzli nashrlarda chop etildi. 5 kitobni turkman tilidan turk tiliga o‘girdim. Qadimiy Samarqand davlat universiteti ilm-ma’rifat, madaniyat markazi sifatida butun dunyoda mashhur. Ana shunday dargohda ta’lim olayotganim bilan faxrlanaman.

Tug‘ba Yilmaz, SamDU doktoranti:

- O‘zbek shoirlari samimiyati, xalqqa yaqinligi, kishi qalbidagi tuyg‘ularni sodda tilda aks ettirish mahorati bilan boshqalardan ajralib turadi. Men, ayniqsa, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Muhammad Yusuf kabi buyuk ijodkor she’rlarini sevib mutolaa qilaman. Ilmiy ishim mavzusi ham “Abdulla Oripov she’rlarida tasavvur va obraz”. Samarqand davlat universiteti yurtimizdagi ko‘plab oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilib kelayotgani bizni juda quvontiradi. SamDUdagi ilmiy-ijodiy muhit, ilm-fanga berilayotgan e’tibor ham alohida e’tirofga loyiq.

Otabek Sa’dullayev,

SamDU axborot xizmati xodimi,

Shavkat Akramov (surat)