Samarqand davlat universiteti xalqaro ta’lim dasturlari fakultetining 12 nafar talabasi 2+2 dasturi asosida Janubiy Koreyaning Sunchonxyan universitetiga ta’lim olishga yuborilmoqda.
Ushbu talabalar ikki yil davomida universitetda ingliz va koreys tillarini chuqur o‘rgandi.
– O‘zbekistondagi ochiqlik siyosati biz talabalar uchun dunyoni bilish va kelajagimizni erkin belgilash imkoniyatini berdi. Prezidentimiz tashabbusi bilan SamDUda Koreya madaniyat markazi ochilgani, Koreyadan o‘qituvchilar taklif etilishi koreys tilini mukammal o‘rganishimizga keng yo‘l ochdi. Yaratilgan sharoitlardan unumli foydalangan holda, Janubiy Koreyada o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritdik, – deydi SamDU xalqaro ta’lim dasturlari fakulteti 2-kurs talabasi Aziza Tinisheva.
– Fakultetimiz biz, yoshlarga dunyoga chiqishimiz uchun pog‘ona vazifasini o‘tamoqda, – deydi SamDU xalqaro ta’lim dasturlari fakulteti 2-kurs talabasi Sabohat Umarova. – Men ham ikki yil davomida ingliz va koreys tillarini qunt bilan o‘rgandim. Natijada Sunchonxyan universitetida o‘qishni davom ettirish arafasidaman. Buning uchun o‘qituvchilarimga, shaxsan SamDU rektori Rustam Xolmurodovga minnatdorlik bildiraman. Biz xorijda ham yurtimiz nomiga munosib bo‘lamiz. Maqsadim – O‘zbekiston taraqqiyotiga o‘z hissamni qo‘shish.
Ma’lumot uchun: Samarqand davlat universiteti xalqaro ta’lim dasturlari fakultetining yana bir guruh talabalarini sentyabr oyida o‘qishni davom ettirish uchun Rossiya Federatsiyasiga yuborish rejalashtirilgan.
Otabek Sa’dullayev,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov (surat)O‘zA