Samarqand davlat universiteti dotsenti Akmal Safarov - universitetdagi Xalqaro Atom energetikasi agentligi (MAGATE) tomonidan moliyalashtirilayotgan grantrahbari. Mazkur loyiha doirasida yadro fizikasi yo‘nalishida 3 ta yangi - yadro reaktorlarining fizik asoslari, yadro elektronikasi, dozimetriya va radioekologiya fan dasturlari yaratiladi.
Hozir ayni maqsadda tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, xorijdan kerakli laboratoriya jihozlari olib kelinib, chet ellik mutaxassislar ishtirokida seminar-treninglar o‘tkazilmoqda. Shuningdek, rejaga ko‘ra, SamDu professor-o‘qituvchilarining dunyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalari va laboratoriyalarida stajirovka o‘tashi ham belgilangan.

Fizika-matematika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Akmal Safarov shu kunlarda mazkur grant doirasida dunyoning yetakchi oliy o‘quv yurtlaridan biri - AQSH Massachusets texnologiya institutida stajirovka o‘tamoqda. 2021 yil davomida “Scopus” bazasidagi jurnallarda 5 ta maqola chop ettirgan olimning “h” indeksi - 4.

- Maqsadim - yadro reaktorlarining fizik asosi bo‘yicha Massachusetsda mavjud materiallar bilan tanishish, yo‘nalishni mukammal o‘rganish va Samarqanddagi laboratoriyada tatbiq etish, - deydi Akmal Safarov. – Bu yerda reaktorlarni modellashtirishga qaratilgan yangi, dunyo bo‘yicha sohadagi eng so‘nggi modellardan biri - “OpenMC” dasturi mavjud.

Ayni payt ushbu dasturni o‘rganib, SamDUda ochiladigan Yadro reaktorlari laboratoriyasida joriy etish ustida ishlayapmiz. Mazkur dastur yordamida bakalavr va magistratura bosqichi talabalari yangi laboratoriya ishi yaratishlari, doktorantlar esa yadro reaktorlarini modellashtirishga qaratilgan dissertatsiya ishi ustida ilmiy ish olib borishlari ham mumkin.

Buning uchun talabalarimiz ingliz tilini va “Python” dasturlash tizimini mukammal bilishlari talab etiladi. Yana bir qiziqarli va foydali ma’lumot: “OpenMC” dasturi yadro reaktorlarini superkompyuter (klaster)da modellashtirish imkonini beradi va bu jarayon mutlaqo bepul.

Otabek Sa’dullayev,
SamDU axborot xizmati xodimi