Samarqand davlat universitetida xalqaro taʼlim dasturlari fakulteti tabiiy va aniq fanlar kafedrasi professori, hindistonlik olim Kristo Anant ishtirokida ikki kunlik onlayn xalqaro vebinar boʻlib oʻtdi.
“Sunʼiy intellekt va mashinalarni oʻrganish” mavzusidagi mazkur anjumanda oʻzbek va hind talabalari, professor-oʻqituvchilar, tadqiqotchilar ishtirok etdi. Hindiston taʼlim vazirligi Fan boʻlimi malaka oshirish markazi (IQAC), Fan va boshqaruv kolleji hamkorligida tashkil qilingan tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad yoshlarni zamonaviy ilm-fan, texnika vositalarini keng targʻib qilish orqali yangi, istiqbolli texnologiyalar bilan tanishtirishdir.
Vebinarda sunʼiy tafakkur (ST) bilan bogʻliq fan, ishlab chiqarish tarmoqlari, mashinali oʻqitish, IoT (buyumlar interneti) texnologiyasiga doir maʼlumotlar ham berildi.
- Ayniqsa, axborot texnologiyalari, sunʼiy tafakkur boʻyicha istiqbolli ilmiy loyihalar, robototexnika va elektronika sohalariga oid maʼruzalar hammaga maʼqul keldi, - dedi tabiiy va aniq fanlar kafedrasi mudiri, professor Akmal Ahatov. - Anjuman professor-oʻqituvchilarning xalqaro hamkorlik boʻyicha tajribasini oshirish, xalqaro miqyosda universitetimiz reytingini oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga jahon ilmiy hamjamiyatini faoliyatimiz bilan yanada yaqinroq tanishtiradi.
- Samarqand davlat universiteti men faoliyat yuritgan oliygohlar ichida eng qadimiy va nufuzlisi, - deydi professor Kristo Anant. – Bu gal diqqatimiz markazida buyumlar interneti, zamonaviy matematika, bioinjeneriya kabi muhim yoʻnalishlar boʻldi. Ayni mavzularga oʻzbekistonlik yosh tadqiqotchilar katta qiziqish bildirayotgani tahsinga loyiq. Shu oʻrinda Samarqand davlat universiteti faoliyati muntazam takomillashib borayotganini taʼkidlashim joiz. Ayniqsa, taʼlim maskanini xalqaro eʼtirof etilgan reyting tashkilotlari birinchi 1000 talik roʻyxatiga kiritish uchun masʼul Transformatsiya ofisi tashkil etilgani quvonarli. Endi universitetning xalqaro nufuzi, ilmiy salohiyati yanada oshishi aniq. Bu boradagi har qanday yangilikni qoʻllab-quvvatlayman.
Behroʻz Shamsiddinov,
SamDU axborot xizmati xodimi,
Shavkat Akramov (surat)