Shu kunlarda Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov boshchiligidagi universitet delegatsiyasi “O‘zbekistonning o‘tmishi va buguni” mavzuidagi xalqaro simpoziumda ishtirok etish uchun Anqara shahrida bo‘lib turibdi.
Simpozium doirasida Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov va Anqaraning Boyazid Yildirim universiteti rektori Ibrohim Aydinli Boyazid Yildirim universitetida barpo etilayotgan O‘zbekiston xiyoboniga ko‘chat ko‘chat o‘tqazdi.

Ushbu marosim Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda joriy etilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi dolzarb 40 kunligida o‘tkazilgani bilan ahamiyatlidir. Tomonlar ushbu nihollar o‘zaro hamkorlik ramzi sifatida azim daraxtlarga aylanishini ta’kidladilar.
Simpoziumda Samarqand va Anqara universitetlari hamkorligini yanada mastahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar o‘zaro aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini keng yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashdi.
Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov bugungi kunda O‘zbekiston va Turkiya hamkorligi eng yuqori darajaga ko‘tarilgani, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Prezidentligiga qayta saylangandan so‘ng ilk tashrifini Turkiya Respublikasiga amalga oshirganida ham chuqur ma’no borligini ta’kidladi.
Turkiy davlatlar tashkilotining Istanbulda bo‘lib o‘tgan sakkizinchi sammitida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan fan-ta’lim sohasini rivojlantirish, shuningdek, 2022 yilni Turkiy dunyoda “Yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilish haqidagi takliflari ta’lim sohasi va yosh kadrlar tayyorlash mexanizmini ishlab chiqishga yangi sur’at bag‘ishlashi qayd etildi.

Mamlakatlarimizning yuqori darajadagi hamkorligida Samarqand va Anqara universitetlari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar o‘z o‘rniga ega ekani aytib o‘tildi. Ushbu simpoziumni tashkil etishda katta jonbozlik ko‘rsatgan Anqara universiteti rektori Ibrohim Aydinli va TİKA prezidenti Serkan Kayalarga minnatdorlik bildirildi.
Samarqanddagi Ulug‘bek madrasasida uzoq yillar faoliyat yuritgan buyuk alloma Ali Qushchining Mirzo Ulug‘bek vafotidan so‘ng, Turkiyaga kelib oliy ta’limga asos solgani qardosh xalqlarimizning ta’lim sohasidagi aloqalari juda qadimga borib taqalishidan dalolat ekani ta’kidlandi.

Uchrashuvda Boyazid Yildirim universiteti rektori Ibrohim Aydinli O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari bilan munosabatlarda Samarqand davlat universitetiga alohida ustunlik berilishini aytib o‘tdi. Hozirgi kunda o‘zaro aloqalar keng yo‘lga qo‘yilgani, xususan, Samarqand davlat universitetida mavjud bo‘lmagan yo‘nalishlar uchun magistratura, doktorantura bosqichlarida kadrlar tayyorlash masalalarida hamkorlik qilishga tayyor ekanini ta’kidladi.
Shundan so‘ng, Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodovga Anqaraning Boyazid Yildirim universiteti faxriy professori unvoni topshirildi.
Tadbirda simpoziumning faol tashkilotchilardan biri, Samarqanddagi “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti birinchi prorektori Jo‘liboy Eltazarovga ham minnatdorlik bildirildi.
Simpozium munozaralarida Samarqand davlat universiteti raqamli texnologiyalar fakulteti dekani Abdusattor Boboyorov zamonaviy IT-texnologiyalar sohasi bo‘yicha hamkorlik taklifini ilgari surdi. Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi fakulteti dekani Toshpo‘lat Rajabov qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, yaylovlardan foydalanishda Turkiya tajribasini o‘rganish yuzasidan fikr bildirdi. Tarix fakulteti dekani Dilfuza Jo‘raqulovaning turk tilida qilgan ma’ruzasi ishtirokchilarni qizg‘in bahs-munozaga chorladi.
Samarqand davlat universiteti delegatsiyasining Turkiyaga safari davom etmoqda.
Farrux Hamroyev,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati rahbari