Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
SamDU - Ulugʻbek madrasai oliyasi vorisi
13:34 / 2019-04-21

2008 yilda “Akademik Boturxon Valixoʻjayev ilmiy faoliyatining oʻzbek adabiyotshunosligi taraqqiyotida tutgan oʻrni” mavzusida magistrlik dissertatsiyasini himoya qilgan edim.


2008 yilda “Akademik Boturxon Valixoʻjayev ilmiy faoliyatining oʻzbek adabiyotshunosligi taraqqiyotida tutgan oʻrni” mavzusida magistrlik dissertatsiyasini himoya qilgan edim.

photo_2019_04_21_13_34_31.jpgMazkur ilmiy ishning bir faslida “Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalariga munosabat” mavzusi koʻtarilib, ustoz Boturxon Valixoʻjayevning armoni boʻlgan Samarqand davlat universiteti Ulugʻbek madrasai oliyasining davomchisi ekanligi masalasi yoritilgan edi. Oʻsha vaqtlarda oʻzim ham ancha paytgacha mana shu mavzu taʼsirida yurganman. Men taʼlim olgan, faoliyat koʻrsatayotgan oliy dargoh – Samarqand davat universiteti tarixi bir paytlar Saʼdiddin Masʼud Taftazoniy, Umar Xayyom, Sayyid Sharif Jurjoniy, Salohiddin Muso, Qozizoda Rumiy, Gʻiyosiddin Jamshid, Ali Qushchi, Muhammad Xavofiy, Nizomiy Aruziy Samarqandiy, Shamsiddin Muhammad ibn Ashraf al-Husayniy Samarqandiy, Abdurahmon Jomiy va nihoyat, buyuk Alisher Navoiylar tahsil olish uchun minglab chaqirimlardan kelgan va juda koʻpchiligi ustoz sifatida faoliyat yuritgan madrasalarga, keyinchalik butun bashariyatga osmon ilmini oʻrgatgan Mirzo Ulugʻbek asos solgan Samarqanddagi madrasai oliyasiga borib taqalishi koʻnglimni faxru iftixorga toʻldirgan edi. Keyin ilmiy ishlarim boshqa mavzular yuzasidan boʻlib, bu fikrlar esimdan chiqay deb qolgan ekan. Universitetimiz rektori Rustam Xolmurodov tomonidan qaytadan koʻtarilgan, respublikamizning taniqli olimlari bildirayotgan Oʻzbekiston universitetlarining tarixi haqidagi munosabatlar oʻsha koʻnglimdagi faxru iftixor tuygʻusini qaytadan uygʻotdi.

Chindanam, inson doim oʻzining tarixini, ota-bobolarining kelib chiqishini, ajdodlarining oʻtmishini oʻrganishga, bilishga intilib yashaydi. Mana shu intilish oʻzi oʻqigan, faoliyat yuritayotgan dargohning tarixi bilan qiziqish, uning uzoq oʻtmish bilan ulanadigan rishtalarini topishga harakat qilish, uni boshqa rivojlangan mamlakatlar oliy taʼlim tizimining tarixidan ham, bugunidan ham, kelajagidan ham kam boʻlmagan jihatlarini asoslashga olib keladi.

Oliy taʼlim tarixi haqida fikr yuritilarkan, uni asoslashdan, mavzuni muammo qilib koʻtarishdan maqsad qachonlardir madrasalar faoliyat koʻrsatganligi emas, balki, yurtimizda, xususan, olimu allomalar yurti, ilm-fan beshigi, madaniyatlar tutashgan zamin Samarqandda oliy taʼlim rus bosqinidan keyin (1927 yil) emas, balki, bundan 600-1000 yillar muqaddam paydo boʻlganligini taʼkidlash va isbotlashdir. Sharqdan madaniyat oʻrgangan, Sharq nazariyasini amaliyotga tatbiq etib yuksalib ketgan Gʻarb oliy taʼlimi tizimi oʻrta asrlarga borib taqalsayu, shu madaniyatni, ilm-fanni, nazariyani ishlab chiqqan dono Sharqda, uning madaniyat va ilm-fan markazi boʻlgan Samarqandida 1927 yil paydo boʻlgan boʻladimi?

Oʻrta asrlar qomusiy olimlar tarjimai hollarini oʻrganganimizda, ularning aksariyati, dunyoning qator shaharlari qatori Samarqandda taʼlim olganligining guvohi boʻlamiz. Demak, Samarqandda taʼlim olish uchun taʼlim dargohlari va oʻqitish uslublari, vositalari mavjud boʻlganki, olimlar, dunyoning koʻzga koʻringan kishilari doimo bu yerga oshiqqan.

Samarqandda IX-X asrlardayoq 17 ta madrasa va madrasai oliyalar va ularga tegishli kutubxonalar boʻlganligi aniqlangan. Ammo vaqt va tarix oldida, tabiat hodisalari va insoniyat zulmi qarshisida ular yoʻqlikka yuz tutgan, bizgacha birortasi yetib kelmagan.

Maʼlum manbalarda ularda mudarrislik qilgan alloma va adiblardan ayrimlarining nomlari mavjud: Shayx Abu Mansur Moturudiy, Abulqosim Samarqandiy, Abu Abdullo Rudakiy, Abu Bakr Ahmad Juzjoniy, Nusayr ibn Yahyo, Isʼhoq ibn Ibrohim Shoshiy, Faqih Abullays Samarqandiy va boshqalar. Maʼlumotni 960-970 milodiy yillar oraligʻida Samarqandda boʻlgan arab sayyohi Abulqosim ibn Xavqal oʻzining “Masolik al-mamolik” asarida yozilgan quyidagi maʼlumot bilan asoslangan: “… Samarqand Movarounnahrning olimlari, fozil kishilari va yozuvchiyu adiblari yigʻilgan shahar boʻlib, ularning eng mashhuri Samarqandda taʼlim va tarbiya olib kamolotga erishgan”

Samarqand madrasalarida nafaqat, Samarqand va Movarounnahr olimu ulamolari, shoiru adiblari, balki, chet davlatlardan ham talabalar taʼlim olganlari toʻgʻrisida Abdurahmon Jomiyning “Nafohat ul-uns” asarida Mashhur Mansuri Xallojning shogirdlaridan boʻlgan Abulqosim Foris bin Iso al-Bagʻdodiy Samarqandga kelib, Shayx Abu Mansur Moturudiy va Abulqosim Samarqandiylardan saboq olgan va shu yerda vafot etganligi haqida maʼlumotlar uchraydi.

Ammo Samarqandda IX-XII asrlardagi taʼlim dargohlari saqlanib qolmaganligi uchun, faqat maʼlumotlarga tayanib ish koʻrib boʻlmasligi sababli universitet tarixini asosli ravishda Ulugʻbek Mirzo madrasai oliyasining ochilish tarixi bilan bogʻlash mantiqlidir. Samarqandda Gʻarb va butun dunyoda katta shuhrat qozongan, ilmiy kashfiyotlarni yaratgan madrasai oliyalar va zamonaviy laboratoriyalarning ajdodi boʻlmish rasadxona majmuasi bunyod etilganligi va hozir ham faoliyat yuritayotganligi bunga misol boʻla oladi.

Akademik Boturxon Valixoʻjayev madrasai oliyani bitirganlarga dars oʻtish uchun ijozatnoma – diplom berilganligi, ana shunday “diplom”lardan biri Qozizoda Rumiy imzosi ostida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanayotganligi haqida maʼlumot bergan. Eng asosiysi, mazkur madrasai oliyani bitirganlik haqidagi hujjat – “diplom” faqat Movarounnahrdagina emas, balki, Xuroson va boshqa davlatlarda ham eʼtirof etilgan. Bu esa Mirzo Ulugʻbek madrasai oliyasining oʻz davridagi maqomi naqadar yuksak boʻlganligidan guvohlik beradi.

Mana shu faxrimiz – universitetimiz rahbari, professor R.Xolmurodov bundan 18 yil ilgari haqli taʼkidlaganlaridek, “…1257-1258 yilda asos solingan Sorbon kolleji oʻsha davrda tashkil etilgan kollejlardan biri edi. Tez orada mazkur dinshunoslik fakultetiga aylantirildi. XVII asrda kardinal Rishelye tomonidan qayta taʼmirlangan, 1791 yilda revolyutsiya tufayli yopib qoʻyilgan, 1801 yilda artistlar atelyesi boʻlgan Sarbonna 1821 yilda yana oʻqitishni yoʻlga qoʻyadi. XIX asr oxirida Respublika yangi Sarbonnani nufuzli bilim beruvchi maskan qilish uchun qayta taʼmirladi”

Koʻrinadiki, Gʻarb universitetlari faoliyati ham uzluksiz boʻlmagan ekan. Har xil tarixiy sharoit, siyosiy tuzum, siyosiy va diniy arboblar tomonidan taʼlim tizimiga goh ijobiy, goh salbiy taʼsirlar boʻlib turgan. Sharq, xususan, Ulugʻbek madrasai oliyasi ham uzluksiz, bir maromda boʻlmasa ham, oʻz faoliyatini XX asrning 20-yillarigacha davom ettirdi. Shundan soʻng Samarqandda pedakademiya, undan esa rasman universitet deb nomlangan OʻzGU, yaʼni bugungi Samarqand davlat universiteti yuzaga keldi.

Shuning uchun SamDUning taʼsis etilishini 1927 yildan emas, Mirzo Ulugʻbek madrasai oliyasi taʼsis etilgan 1420 yildan hisoblash vorisiylik mantiqi hamda oliy taʼlim tizimi dargohlari (madrasa-madrasai oliya-universitet) tarixining uzluksizligini taʼminlaydi.

Ustoz Boturxon Valixoʻjayev Oʻzbekiston xalq shoiri, akademik Gʻafur Gʻulomning “Samarqand uchun” sheʼrini keltirib, Samarqand madrasalari gumbazi ostida olimlar olib borgan ilmiy bahslarning aksi sadosi Universitetda jaranglayotganligini asoslab bergan edi:

Ishqu vafolarning “Xamsa”sin yozgan
Jomiy, Navoiyning asriy nidosi.
Hali gunbazidan gʻoʻngʻirlab kelur
Olimlar bahsining aksi sadosi.

Ulugʻbek yulduzlar sirin fosh yetib,
Soʻnik sham oldida taqdim etdi bosh.
Maʼrifat oftobi oʻchmakni bilmas,
Toptalmas tuproqqa tushganda quyosh...
Vatanga jamoli jahon oroni,
Berguvchi farzandlar beshigi bu yer.

Sharqqa maʼrifatning aniq yuzini,
Beniqob koʻrsatgan eshigi bu yer.
Otalar odatin tutib nazarda
Keltirdim doʻstlarga atab guldasta,
Chunki Samarqand bu OʻzGU demakdir
Shoirning joni ham unga payvasta.

Fikrimni magistrlik dissertatsiyam haqida boshlagan edim. Xulosa oʻrnida ham ishning xulosasidan keltirmoqchiman. Bundan 10 yil avval “universitetimizning 590 yillik yubileyi bilan bir-birimizni qutlasak ajab emas…”, degan fikrni bildirgan ekanman. Shunga ham 10 yil oʻtibdi...

Bugungi taʼlim sohasidagi islohotlar farzandlarimizni bebaho madaniy yodgorliklarimiz, madaniyatimiz va buyuk tariximizga hurmat va iftixor, kelajakka esa ishonch va kuchli eʼtiqod tuygʻulari bilan tarbiyalashimiz uchun zamin yaratmoqda. Mana shunday islohotlar natijasida, biz, universitet jamoasi, kelgusi yilda dorulfununimizning 600 yilligi bilan bir-birimizni tabriklaymiz, deya umid bogʻlab qolamiz.

Mashhura Hasanova,
Samarqand davlat universiteti
pedagogika fakulteti oʻqituvchisi,
Filologiya fanlari boʻyicha
falsafa doktori