Yaqindagina Gretsiyaning Iraklion shahrida nihoyasiga yetgan og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida Samarqand davlat universitetining uch nafar talabasi - Og‘abek To‘xtayev, Hojiakbar Olimov, Sharofiddin Amriddinov O‘zbekiston sharafini munosib himoya qildi.
89 kg vazn toifasida qayd etilgan Hojiakbar Olimov siltab ko‘tarish bahsida 188 kilogramm natija bilan kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Shaxsiy vazni 102 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar guruhida supachaga chiqqan Sharofiddin Amriddinov dast ko‘tarishda oltin medalni egallagan falastinlik Hamada Muhammad bilan bir xil natijaga erishdi. Faqat ayni og‘irlikdagi toshni raqibidan keyin ko‘targani uchun dastlabki mashq bo‘yicha kumush medalga qanoat qilishga to‘g‘ri keldi. Siltab ko‘tarishda esa hamyurtimiz murabbiylar ishonchini to‘liq oqladi va 204 kg bilan oltin medalni naqd qildi. Og‘ir atletika qoidalariga muvofiq, sportchimiz to‘plagan umumiy 372 kilogramm ikkikurash natijasi uchun yana bir oltin medal jamoamiz hisobiga yozildi. Shu tariqa Sharofiddin Amriddinov ikki oltin, bir kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, 73 kg. vazn toifasida ishtirok etgan Og‘abek To‘xtayev sovrindorlar uchligiga munosib qarshilik ko‘rsatib, 4-o‘rinni band etdi. Umumiy hisobda SamDU talabalari 4 ta - 2 oltin, 2 kumush medalni qo‘lga kiritishdi. Endi sportchilarimiz 15 may kuni Antaliya shahrida boshlanadigan “Islom birdamlik o‘yinlari”ga tayyorgarlik ko‘rishadi.
Behruz SHAMSIDDINOV,
SamDU axborot xizmati xodimi