SamDU rektori: devordagi tuynuk oʻgʻrini jalb etadi
Jumladan, Oliy taʼlim vazirligining tashabbusi bilan 2020-2021 oʻquv yili uchun qabulda fanlar majmuasiga oʻzgartirish kiritilib, ijodiy imtihonlar kiritilishi mantiqsiz boʻlgan taʼlim yoʻnalishlari soni kiskartirildi.
Abituriyentlar va ularning ota-onalarida hali ham oliy taʼlim muassasiga oʻqishga kirishda tanish-bilishchilik yoki birovga pora berish hojatni chiqaradi, degan xom fikrlar bor va bundan foydalanish niyatida boʻlgan firibgarlar ham kam emas. Ushbu tushunmovchiliklarga izox bermoqchi edim.
Oʻtgan davr mobaynida Samarqand Davlat universiteti maʼmuriyati abituriyentlarni oʻqishga qabul qilishda ADOLAT tamoyilini oʻrnatish, shaffoflikni taʼminlash, ushbu jarayonda korrupsiyaviy holatlarga barham berish, jumladan ijodiy imtihonlar orkali oʻqishga kirishning “korrupsion jozibadorligini” keskin kamaytirish maksadida yukori boshqaruv va nazorat idoralariga oʻz takliflarini kiritdi va bir qator ijobiy oʻzgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, Oliy taʼlim vazirligining tashabbusi bilan 2020-2021 oʻquv yili uchun qabulda fanlar majmuasiga oʻzgartirish kiritilib, ijodiy imtihonlar kiritilishi mantiqsiz boʻlgan taʼlim yoʻnalishlari soni kiskartirildi.
Masalan:
“Ijtimoiy ish” taʼlim yoʻnalishida mavjud boʻlgan kasbiy (ijodiy) imtihon bekor qilindi. Endilikda ushbu taʼlim yoʻnalishini tanlagan abituriyentlar toʻliq test sinovlarini topshirib, oʻqishga kiradilar;
2020-2021 oʻquv yilida abituriyentlarni oʻqishga qabul qilish uchun Samarqand Davlat universiteti boʻyicha test sinovlari bilan birgalikda kasbiy(ijodiy) imtihon qabul qilinadigan “Madaniyat va sanʼat muassasalarini tashkil etish hamda boshqarish”, “Chaqiriqqacha harbiy tayyorgarlik” taʼlim yoʻnalishilari boʻyicha qabul bekor kilingan. Mazkur taʼlim yoʻnalishlari mavjud boʻlgan oliy taʼlim muassasalarida ham kasbiy-ijodiy imtihonlar bekor qilinib, endilikda abituriyentlar faqat test sinovlari natijalariga koʻra talabalar safiga qabul qilinadilar;
joriy yildan boshlab oʻqitish tojik tilida boʻlgan barcha taʼlim yoʻnalishlariga abituriyentlar toʻliq test sinovlari asosida qabul qilinadi.
Bundan tashqari :
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tayanch oliy oʻquv yurtlar bilan hamkorlikda taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha fan dasturlarini soddalashtirish yuzasidan ishlar olib borilmoqda. Unga koʻra abituriyent imtihon topshiradigan oliy taʼlim muassasasiga bir kunga kelib, imtihonni bir soatda topshirib ketadi.
2. Fan komissiyalari va aʼzolarini tayinlash. Fan komissiyalari raisi va aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining alohida buyrugʻi bilan tayinlanadi. Bunda, ushbu oliy taʼlim muassasasi professor-oʻqituvchilari ijodiy imtihonlarni qabul qilishda mutlaqo ishtirok etmaydi, yaʼni Samarqand Davlat universiteti professor-oʻqituvchilari va boshqa xodimlariga SamDUda alohida iqtidor asosida oʻqishga kirish imtihonlarini qabul qilishlariga yoʻl qoʻyilmaydi. Bunday imtihonlarni, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining buyrugʻiga asosan, Respublikadan, oʻzining raisi va aʼzolari ishtirokidagi komissiyalar qabul qiladi.
Oshkoralik va jamiyatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligiga katta eʼtibor berilayotgan bugungi kunda kimlardir nimaningdir evaziga qaysidir OTMga oʻqishga kiritib qoʻyishni vaʼda qilayotgan ekan, bunday ish uning qoʻlidan kelmasligini, oʻzi esa ashaddiy FIRIBGAR ekanligini barcha bilishi kerak. Abituriyentlarimiz ularning bunday havoyi soʻzlariga uchmasdan, oʻz bilim va iqtidoriga ishonishlari lozimligini taʼkidlaymiz.
Kirish imtihonlariga keng jamoatchilik (mahalla, nuroniy jamgʻarmalari va boshqa jamoatchilik tashkilotlari vakillari, deputatlar va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar) vakillarining erkin qatnashishlari taʼminlanadi.
Alohida iqtidor talab etiladigan taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishga kirish uchun imtihon topshiriladigan binolar soʻnggi rusumdagi kameralar orqali toʻliq videokuzatuv ostiga olinadi. Olingan videoyozuvlarning saqlanishi taʼminlanadi.
“Tuynuklar” berkitilyapti, pirovardida bu choralar adolat mezonining barqaror boʻlishiga va taʼlim sifatini amalda taʼminlashga olib keladi.
R.XOLMURODOV,
SamDU rektori