Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
SamDU professori Hotam Umurov 80 yoshda!
07:42 / 2022-01-13

Samarqand davlat universitetida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, filologiya fanlari doktori, professor Hotam Umurovning 80 yilligiga bag‘ishlangan “Adabiyot nazariyasining dolzarb muammolari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

SamDU rektori, Oliy Majlis Senati a’zosi, professor Rustam Xolmurodov yubilyarni tabriklarkan, Samarqand adabiy muhitini Hotam Umurovsiz tasavvur qilib bo‘lmasligini, olim dorilfunun ilmiy-ijodiy muhitini shakllantirishga beqiyos hissa qo‘shganini ta’kidladi.
Shundan so‘ng viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Xurshid Ochilov viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning Hotam Umurovga tabrigini o‘qib eshittirdi, esdalik sovg‘alarini topshirdi.

So‘z san’ati tarixi va nazariyasi bilimdoni Hotam Umurovni taniqli adabiyotshunos olim Ibrohim Haqqul, yozuvchi Ulug‘bek Hamdam qutladi.

- Ustoz Hotam Umurov – Samarqand davlat universitetining haqiqiy jonkuyar, qattiqqo‘l, talabchan o‘qituvchisi, yoshlarning eng yaqin maslahatgo‘yi, - dedi filologiya fakulteti dekani, professor Azamat Pardayev. - Muallim ilmiy faoliyati davomida 10 dan ortiq fan nomzodi, 3 nafar fan doktori tarbiyaladi. Uch darslik, 100 ga yaqin monografiya, o‘quv qo‘llanmalari, risola, o‘quv-uslubiy tavsiya, adabiy-tanqidiy maqolalar to‘plamlarini e’lon qilgan. Jami ilmiy ishlari soni 500 dan oshadi. Hamon safimizda bo‘lgan, ilm-fan taraqqiyoti yo‘lida zahmat chekayotgan ustozimizga sihat-salomatlik, yangi ijodiy marralar tilayman.

Anjuman tanlangan mavzu doirasida fikr almashish ruhida, muhokama, munozara shaklida, qiziqarli muloqotga boy tarzda davom etdi.

O‘zA