English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
SamDU Kipr kompaniyasi bilan hamkorlik o‘rnatdi
15:14 / 2021-12-24

Samarqand davlat universitetiga Kiprning Ferkensco (Ferkensco management limited) kompaniyasi direktori Temur Jo‘rayev boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad “Samarqandkimyo” aksionerlik jamiyatini qayta ishga tushirish uchun SamDU bitiruvchilarini ishga jalb qilishdir. Muzokara davomida o‘zaro kelishuv memorandumi imzolandi. Hujjatda kimyo-texnologiya, agrokimyo va kimyo yo‘nalishida tahsil oluvchi talabalar o‘quv rejasini birgalikda tuzish, dars jarayoniga “Ferkensco” kompaniyasi mutaxassislarini jalb etgan holda ma’ruzalar uyushtirish nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, ishlab chiqarish amaliyotini to‘liq “Samarqandkimyo” AJ hududida o‘tkazish belgilangan. Keyinchalik, korxonada ishlab chiqarish to‘laqonli yo‘lga qo‘yilgach, raqamli texnologiyalar, inson resurlarini boshqarish, biologiya yo‘nalishlarida tahsil olgan talabalarni ham ishga jalb qilish rejasi tuzildi.

- Samarqand davlat universiteti jahon oliy ta’lim maydoniida o‘zining munosib, o‘rni, nufuziga ega, - dedi delegatsiya rahbari o‘rinbosari Aleksandr Sidelnikov. – Shu bois biz qo‘shma loyihalar amalga oshirish uchun aynan mazkur oliy o‘quv yurtini tanladik. Men tahsil olgan Ivanovo kimyo-texnologiya universiteti SamDU bilan bir necha yildan beri hamkorlik qilib kelmoqda. Kelajakda “Samarqandkimyo” ishchi-xodimlariga magistratura yo‘nalishi bo‘yicha sirtqi ta’lim shaklini tatbiq qilmoqchimiz. Korxona faoliyatini izga solish uchun hozir 100 nafar mutaxassis ish olib boryapti. 2023 yil iyun oyiga qadar bu ko‘rsatkichni 1200 ga yetkazish rejalashtirilgan. 
- bugungi voqea talabalarimiz uchun bir qator yangi imkoniyatlar taqdim etadi, - deydi SamDU o‘quv-ishlari bo‘yicha prorektori Ahmadjon Soliyev. - Samarali hamkorlikni davom ettirib, birgalikda o‘quv rejasini amalga oshirish, korxona qoshida ilmiy laboratoriya ochish maqsadimiz bor. Shuningdek, o‘quv-tijorat markazi ham yaratamiz.

1950 yildan 2019 yilga qadar faoliyat yuritgan Samarqand kimyo zavodida, ma’lum sabablarga ko‘ra, ayni payt ishlab chiqarish to‘xtagan. Endi korxona qayta tiklanib, tarkibida NPK (azot, fosfor, kaliy) ozuqa elementlarini jamlagan kompleks o‘g‘it hamda tuproq unumdorligini oshirishga xizmat qiladigan, qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori hosil olish uchun foydalaniladigan asosiy mineral o‘g‘it - MAP (monoammoniyfosfat) ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. 

Kelgusida korxona yiliga 540 ming tonna NPK, 370 ming tonna MAP, 160 ming tonna suyuq ammiak tayyorlay boshlaydi. Zavodning yillik quvatini sulfat kislota ishlab chiqarishda 800 ming tonna, fosfat kislota yetishtirish bo‘yicha esa 280 ming tonnaga chiqarish rejalashtirilgan.


Noryigit Musulmonov,
Samarqand davlat universiteti
kimyo fakulteti dekani, dotsent
Shavkat Akramov  (surat)

O‘zA