Bugun, 3 oktyabr kuni Rossiyaning Qozon shahrida sambo bo‘yicha Tatariston Prezidenti kubogi uchun xalqaro turnirga start beriladi.
19 mamlakatning 250 nafar sambochilari ishtirok etayotgan ushbu xalqaro turnirda O‘zbekiston sambo federatsiyasi rahbari Alisher Alimov yetakchiligidagi 11 nafar sportchimiz sambo va jangovor sambo bahslarida g‘oliblik uchun kurashadi.
«Ak bars» sport majmuasida bo‘lib o‘tadigan turnirda Zafarbek Xamroqulov, Tohir Asrorov, Firdavs Xojimamatov, Oybek Do‘smurodov, Ne’mat Yoqubov, Elbek Abdullayev sambo bahslarida bellashsa, Dilshod Gadoyev, Sherzod Ismonov, Oybek Soliyev, San’at Ismonov va Azizbek Davronov jangovor sambo yo‘nalishida gilamga chiqadi.
Xalqaro musobaqani boshqarib borish uchun Rossiyaning turli hududlari va xorijiy mamlakatlardan 40 nafarga yaqin hakamlar jalb etilgan. Ular safida hamyurtimiz, xalqaro toifadagi hakam Rustam Odilov ham bevosita Qozon bahslarini nazorat qilib boradi.
Qozon axborot vositalari tarqatgan xabarga ko‘ra, turnirda ilk bora Venesuela, Gollandiya, Mongoliya va Fransiya sambochilari ishtirok etmoqda.
T. Ro‘ziyev,
O‘zA