Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sambo: Jahon chempionati yoshlarimiz uchun katta imkoniyatlar eshigini ochib bermoqda
13:41 / 2021-11-12

Bugun 12 noyabr kuni ertalabdan Toshkentdagi “Yunusobod” sport majmuasida sambo bo‘yicha jahon chempionatining ilk saralash bellashuvlari boshlandi.

46-marotaba tashkil etilayotgan chempionatda jahonning 49 mamlakatidan 400 nafarga yaqin sambochilar g‘oliblik uchun kurash olib borishi kutilmoqda.

Chempionat erkaklar, ayollar va jangovar sambo yo‘nalishida tashkil etiladi. Sportchilar har bir yo‘nalishda 7 tadan medallar jamlanmasi uchun bellashishadi. 14 noyabrga qadar davom etadigan jahon chempionatida 21 ta vazn toifasida g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi.

Bugun 12 noyabr kuni chempionat dasturiga binoan, ayollar 50 kg, 54 kg va 59 kg vazn toifalarida, erkaklar esa 58 kg va 64 kg, jangovar sambochilar 98 kg va +98 kg vazn toifalarida gilamga chiqishadi.

Poytaxtimizda mazkur jahon chempionati hamda kecha yakunlangan Xalqaro sambo assotsiatsiyasi kongress yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanida Xalqaro sambo federatsiyasi prezidenti Vasiliy Shestakov, Osiyo sambo uyushmasi raisi Alamjon Mullayev, mintaqaviy federatsiya rahbarlari, O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasi raisi Alisher Alimov va boshqalar ishtirok etishdi.

– Iyul oyida Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tomonidan sambo olimpiya sport turi sifatida tan olinganidan so‘ng jahon chempionatining Toshkentda tashkilashtirilyotgani tarixiy ahamiyatga ega. Kongress va jahon chempionatini yuqori saviyada tashkil etishdagi alohida xizmatlari uchun O‘zbekiston sport rahbariyatiga, sambo assotsiatsiyasiga FIAS nomidan minnatdorchilik bildiraman, – deya ta’kidladi FIAS prezidenti Vasiliy Shestakov

Savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan anjumanda O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasi raisi Alisher Alimov Xalqaro sambo federatsiyasi tashabbusi hamda davlatimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan Toshkentda o‘tayotgan jahon chempionati mamlakatimizning sport salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Bundan tashqari, bevosita musobaqalarda qatnashadigan sambochilarimiz, bellashuvlarni kuzatib boradigan yoshlarimiz uchun katta sport bayramida qatnashish, g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilish imkoniyatini taqdim etayotganligi bilan ham qadrlidir.

Anjumanda jurnalistlarning sambo sport turi 2028 yilgi Olimpiya o‘yinlari dasturida bo‘ladimi, degan savoliga javoban FIAS mutasaddilari bu borada zarur ishlar olib borilayotganligi, 2024 yili Parijda o‘tadigan Olimpiya o‘yinlarida ko‘rgazmali chiqishni amalga oshirish rejalashtirilayotganligini aytishdi. Amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar va Xalqaro olimpiya qo‘mitasi bilan o‘rnatilgan hamkorlik va muzokaralar natijasida samboni 2028 yilgi Los-Andjeles olimpiadasi dasturiga kiritish ko‘zda tutilganligini bildirishdi.

Matbuot anjumani ishtirokchilari Afrika, Amerika, Yevropa va Osiyo qit’asida sambo sport turi jadal rivoj topayotganligi, Toshkentda o‘tayotgan musobaqalar uning taraqqiyotiga xizmat qilishini e’tirof etishdi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA