Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“SAMAVTO”da 30 minginchi avtomobil ishlab chiqarildi
14:50 / 2017-11-25

Shu munosabat bilan korxonada o‘tkazilgan tantanali marosimda “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati, Yaponiyaning ISUZU Motors kompaniyasi va Itochu korporatsiyasi vakillari, zavod jamoasi hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Samarqand avtomobil zavodida o‘ttiz minginchi avtomobil – SAZ HC45 markali avtobus ishlab chiqarildi.

Shu munosabat bilan korxonada o‘tkazilgan tantanali marosimda “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati, Yaponiyaning ISUZU Motors kompaniyasi va Itochu korporatsiyasi vakillari, zavod jamoasi hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.



Tadbirda mamlakatimizda avtomobilsozlikni rivojlantirish, mazkur yo‘nalishda milliy mahsulotlar ishlab chiqarish borasida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. Ayni paytda yurtimizda ishlab chiqarilayotgan yengil va yuk avtomobillari, avtobuslar ichki ehtiyojdan tashqari xorijiy davlatlarga ham eksport qilinmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida yurtimiz avtosanoati faoliyati takomillashtirilib, bir qator yangi loyihalar hayotga tatbiq etilayotir.

Samarqand avtomobil zavodida 2006-yildan buyon Yaponiyaning dunyoga mashhur ISUZU Motors kompaniyasi va Itochu korporatsiyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqarilayotgan avtomobillarga bugun nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham talab ortmoqda.

– Yaponiyalik hamkorlar bilan birga zavodda “ISUZU” shassisi asosida harakatlanuvchi ikki turdagi avtobus va uch turdagi yuk avtomobillari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan edik, – deydi “O‘zavtosanoat” AJ raisi o‘rinbosari A.Musayev. – O‘zaro ishonch va teng manfaatli sheriklikka asoslangan hamkorligimiz natijasida mahsulot turi va sifat ko‘rsatkichlari yildan-yilga oshib bordi. Shu bois ayni paytda Samarqand avtomobil zavodida 5 turdagi zamonaviy avtobus, 7 turdagi yuk va maxsus atvomobillar hamda ular uchun 30 dan ortiq turdagi kuzovlar ishlab chiqarilmoqda. Bu transport vositalari bugun xalqaro bozorda sifatli va raqobatbardosh darajasiga yetdi. Eng muhimi, o‘tgan davrda samarqandlik avtomobilsozlar milliy mahsulot – LE60 past shasseli shahar avtobusini yaratish va uni keng ko‘lamda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.



Bugungi kunda zavod mahsulotlarining modellari qatoriga M3 turkumining I va II toifali avtobuslari, jumladan, o‘rta toifadagi past tubli shahar avtobusi, N seriyasiga kiruvchi (yuk ko‘tarish qobiliyati 5000 kilogrammgacha bo‘lgan N2 toifali) va F seriyasiga kiruvchi (yuk ko‘tarish qobiliyati 9000 kilogrammgacha bo‘lgan N3 toifali) yuk tashish va maxsus avtomobillar ishlab chiqarish va o‘rnatilishi mumkin bo‘lgan 30 dan ortiq kuzovlarni o‘z ichiga olgan avtomobillar kiradi.

Samarqand avtomobil zavodi ISO 9001, ISO 14001, OHSAS 18001 standartlariga javob beruvchi хalqaro sertifikatlarga ega.

Yana bir e’tiborli jihati, 2011-yildan boshlab zavodda siqilgan tabiiy gazda ishlovchi dvigatellar o‘rnatilgan avtomobillar ishlab chiqarilmoqda. Bu dunyo miqyosida tabiiy gazni avtomobil yoqilg‘isi sifatida ishlatish tendensiyasi tobora kuchayib borayotgan bir paytda mamlakatimiz avtosanoatining zamon bilan hamqadam taraqqiy etayotganidan dalolatdir.

Zavodning 30 minginchi avtomobili – SAZ HC45 markali avtobus ham siqilgan tabiiy gazda harakatlanadi va u o‘zbek konstruktor-injenerlari tomonidan yaratilgan modeldir.

Avtomobilning taqdimot marosimida “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati, ISUZU Motors va Itochu Corporation kompaniyalari vakillari so‘zga chiqib, mahsulotning yuqori texnologik ko‘rsatkichlari va zamonaviy dizaynini alohida ta’kidladi.



– Samarqandlik avtomobilsozlar bilan hamkorlikda faoliyat olib borayotganimizga ko‘p vaqt bo‘lmagan bo‘lsa-da, qisqa davrda nafaqat biznes hamkor, balki bir jamoa sifatida O‘zbekiston avtosanoatida o‘z munosib o‘rnimizga ega bo‘ldik, – deydi ISUZU Motors kompaniyasi vakili Goda Kazuo. – Shu sababli bundan ikki yil avval – 2015-yil fevral oyida zavodning 20 mingginchi avtomobili chiqarilishini birgalikda nishonlagan bo‘lsak, bugun hamkorligimiz mahsuli bo‘lgan 30 mingginchi avtomashinaga guvoh bo‘lib turibmiz. Kelgusida 50, 100 mingginchi avtomobillar chiqarilishini ham ana shunday tantana qilishni istaymiz va bu borada o‘zbekistonlik hamkasblarimizga muvaffaqiyatlar tilaymiz.

Taqdimot marosimi doirasida mehmonlar zavoddagi ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi hamda yangi avtobuslarning test-drayv ko‘rigida qatnashdi.