Samarqand viloyatidagi klaster korxonalari va fermer xo‘jaliklari 60 ming gektar maydondan 261,8 ming tonna paxta xomashyosi yig‘ishtirib olib, yillik shartnoma rejasini bajardi.
Joriy yilda viloyatdagi 1791 ta fermer xo‘jaligi mahalliy ertapishar va istiqbolli navlarni hamda xorijdan keltirilgan serhosil paxta navlarini ekib, har qachongidan mo‘l hosil yetishtirdi. Jumladan, mahalliy “Buxoro-102”, “Sulton”, “Ravnaq-1” navlaridan 43-46 sentner hosil oldilar.
O‘tgan yili viloyat paxtakorlari Xitoydan keltirilgan navlardan gektariga 45-50 sentner hosil olgan edi. Joriy yilda dehqonlarimiz bu navlar bilan ishlash tajribasi oshib, agrotexnik ishlov berish, vegetatsiya davrini puxta o‘zlashtirdi va natijada 9340 gektar maydonda ekilgan Xitoy paxta navlaridan 56 sentnerdan 65 sentnergacha hosil olishga erishildi.
Viloyat bo‘yicha umumiy hosildorlik o‘tgan yildagidan 6,1 sentnerga oshib, 43,7 sentnerni tashkil etdi.
Bunday yuqori hosildorlikka erishishda suv tejovchi texnologiyalarning joriy etilgani ham muhim omil bo‘ldi. Chunki bu usulda chopiq, kultivatsiya, qator olish, mineral o‘g‘it berish kabi bir nechta jarayon samarali tashkil etildi, texnika sarf-xarajati kamaydi. G‘o‘za tomchilatib sug‘orish orqali oziqlantirildi.
Shartnomadagi hosilni yig‘im-terib olish uchun 45 kun kifoya bo‘ldi. Mavsumni uyushqoqlik bilan o‘tkazish uchun 720 ta terim otryadi tashkil etildi. Yetishtirilgan hosilning 102,6 ming tonnasi (39 foizi) qo‘l mehnati yordamida, 159,2 ming tonnasi (61 foizi) terim mashinalarida yig‘ishtirib olindi.
G‘.HASANOV, O‘zA muxbiri