English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandning uch ming yillik tarixga egaligi ayon bo‘lmoqda
09:47 / 2025-06-05

Bu fikr bugun Samarqand arxeologiya institutida viloyat hokimligi huzuridagi Samarqand tarixi, madaniyati, me’moriy va arxeologik yodgorliklarini o‘rganish bo‘yicha jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishida qayd etildi.

Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev joriy yilning fevral oyida bir guruh ziyolilar va tarixchi olimlar bilan uchrashuvda Samarqand tarixini chuqur o‘rganish, shaharning yoshini aniqlash borasidagi ishlarni davom ettirish, sohibqiron Amir Temurning Ko‘ksaroy qarorgohi o‘rnini aniqlash, umuman, viloyatdagi tarixiy-madaniy yodgorliklar, arxeologik ob’ektlarni ilmiy o‘rganish va restavratsiya qilish bo‘yicha bir qator taklif va tashabbuslarni ilgari surgan edi.  

Aynan shu uchrashuvda Samarqand tarixi, madaniyati, me’moriy va arxeologik yodgorliklarini o‘rganish bo‘yicha jamoatchilik kengashi, bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha guruhlar tashkil etilgan edi.  

Yig‘ilishda kengash va guruhlarning shu paytgacha olib borgan ilmiy tadqiqot va izlanishlari tahlil qilinib, kelgusi vazifalar belgilab olindi.

Samarqand arxeologiya instituti direktori Mo‘minxon Saidov Samarqand shahar Ko‘ksaroy maydonida Amir Temurning arki – Ko‘ksaroy o‘rnini aniqlash bo‘yicha qazishma ishlari olib borilayotgani, shuningdek, Ko‘ktepa va Afrosiyob yodgorliklarida amalga oshirilayotgan tadqiqotlarning natijalari haqida ma’lumot berdi.  

Arxeolog olim Muhammadjon Isomiddinovning ma’lum qilishicha, shahardan 30 kilometr uzoqlikda joylashgan Ko‘ktepa yodgorligida olib borilgan qazishma ishlari natijasida o‘sha yerdagi madaniy qatlam yana bir bor o‘rganilgan va Samarqand shahrining shakllanish jarayoni eramizdan avvalgi XIV asrga borib taqalishi asoslangan. Bu Samarqandning yoshi 3000 yildan ortiqligini asoslashga yordam beradi. Hozir bu boradagi ilmiy izlanish va tadqiqotlar davom ettirilmoqda.  

A.Boboyev arxeolog va tarixchilar tomonidan aniqlangan va asoslangan har bir tarixiy fakt muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlab, viloyat hokimligi olimlarni bu borada faol qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari