Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandning oltin shaftolilari
14:22 / 2025-11-05

Buyuk Ipak yo‘li nafaqat qimmatbaho toshlar, ipak matolar yoki noyob ziravorlar, balki sivilizatsiyalar o‘rtasidagi g‘oyalar, bilimlar va eng yuksak madaniyat namunalari almashinuvining buyuk timsolidir.

VII asrda qadimgi Samarqanddan Xitoyning qudratli Tan imperiyasi saroyiga yuborilgan oltin va kumushrang shaftolilar qissasi buning yorqin dalillaridan biridir. Bu voqea shunchaki diplomatik sovg‘a almashish emas, balki ajdodlarimizning bog‘dorchilik san’atidagi yuksak mahorati, tabiat in’omini san’at darajasiga ko‘tarish qobiliyatining namoyoni edi. 

Amerikalik olim Eduard Shefer o‘zining “Samarqandning oltin shaftolilari” nomli asarida keltirishicha, bu noyob mevalar Xitoy poytaxti Chan’anga olib kelingach, ularning go‘zalligi va ta’mi imperatorni shunchalar hayratga solganki, ularni oddiy bog‘larda emas, balki faqat hukmdor uchun mo‘ljallangan, eng sara va nodir o‘simliklar o‘stiriladigan maxsus “Taqiqlangan bog‘”da ekish haqida farmon bergan.

Bu bog‘ oddiy bog‘ emasdi. U poytaxtning shimolida, Vey daryosiga yaqin joyda joylashgan bo‘lib, maydoni 120 li (qadimgi xitoy o‘lchov birligi, taxminan 60 km)ni tashkil etgan. Bu ulkan hududda nafaqat Xitoy, balki butun dunyodan keltirilgan eng noyob qushlar, hayvonlar, sabzavotlar va mevalar parvarish qilingan. Samarqanddan keltirilgan oltin shaftolilarning aynan shu boqqa ekilishi ularning naqadar yuksak qadrlanganidan dalolat beradi. 

Bu mevalar shunchaki ozuqa emas, balki saroy zodagonlari uchun hashamat, yuksak martaba va go‘zallik ramziga aylangan. Ular imperator bog‘larining eng qimmatbaho bezagi, Samarqand zaminining saxovati va bog‘dorchilik ilmining cho‘qqisi sifatida e’zozlangan. Aynan shu bog‘ butun imperiya uchun noyob o‘simliklarni tarqatuvchi asosiy manba vazifasini ham o‘tagan. Masalan, 740 yilda imperator Syuan-szun poytaxt ko‘chalari va xiyobonlarini mevali daraxtlar bilan bezash haqida farmon chiqarganda, katta ehtimol bilan bu ko‘chatlarning bir qismi o‘sha mashhur “Taqiqlangan bog‘”dan, ya’ni Samarqand shaftolilari o‘sayotgan muhtasham bog‘dan olingan edi.

Qizig‘i shundaki, Samarqanddan keltirilgan bu noyob mevalarning shon-shuhrati mahalliy bog‘bonlar orasida ham yangi afsonalar va izlanishlar to‘lqinini keltirib chiqargan. Xitoy manbalarida “Tuyaboqar Go” laqabli, asl ismi noma’lum bo‘lgan afsonaviy bog‘bon haqida hikoyalar saqlanib qolgan. U o‘zining g‘ayrioddiy usullari bilan tanilgan bo‘lib, poytaxtning eng badavlat va aslzoda kishilari uning xizmatidan foydalanishga intilgan. Aynan shu bog‘bon nomi bilan bog‘liq “Daraxt ekish kitobi”da shaftoli shoxini xurmo daraxtiga payvand qilish orqali oltinrang shaftoli yetishtirish mumkinligi haqida yozilgan. Garchi zamonaviy tadqiqotlar bu kitob keyinroq, Yuan sulolasi davrida yozilganini ko‘rsatsa-da, uning afsonaviy “Tuyaboqar Go” nomi bilan bog‘lanishi Samarqand oltin shaftolilarining mahalliy madaniyatga qanchalik chuqur ta’sir o‘tkazganidan dalolat beradi. Bu, o‘z navbatida, ajdodlarimizning birgina yutug‘i butun bir imperiyada yangi afsonalar, yangi bilimlarning paydo bo‘lishiga turtki bo‘lganini ko‘rsatadi.

Samarqand shaftolilarining Tan saroyiga kirib borishi o‘sha davrdagi o‘simliklarni uzoq masofalarga tashish va saqlash borasidagi yuksak texnologiyalar haqida ham muhim ma’lumotlarni beradi. Masalan, Suy sulolasi davridayoq Sichuandan poytaxtga mandarinlarni poyasini mum bilan berkitilgan holda olib kelishgan. XI asrda esa Loyanning eng nozik gullari – pionlarni ildizini nam barglar bilan o‘rab, bambuk savatchalarda ot ustida silkinmaydigan qilib poytaxtga yetkazishgan. Bu usullar Tan davrida ham keng qo‘llangani shubhasiz. Shuningdek, mevalarni qog‘ozga o‘rab tashish amaliyoti ham mavjud bo‘lgan. Bularning bari Samarqandning oltin shaftolilari kabi nozik va qimmatbaho ne’matlarning uzoq yo‘l davomida o‘z sifati va ko‘rinishini yo‘qotmasdan imperator dasturxoniga yetib borishini ta’minlagan murakkab tizim mavjudligini ko‘rsatadi.

Xulosa qilib aytganda, Samarqandning oltin shaftolilari qissasi – bu nafaqat mevalar haqidagi hikoya. Bu – ajdodlarimizning yuksak bog‘dorchilik madaniyati, tabiat qonuniyatlarini chuqur tushunishi va bu bilimlarni amaliyotga tatbiq eta olish qobiliyatining tarixiy isbotidir. Bu voqea ajdodlarimizning nafaqat jang maydonlarida yoki ilm-fanda, balki oddiygina bog‘dorchilikda ham butun bir imperiyani hayratga sola oladigan darajada bunyodkor va kashfiyotchi bo‘lganini namoyon etadi. Ularning merosi bugungi kunda ham har sohada yuksaklikka intilish, o‘z ishining ustasi bo‘lish va butun dunyoni hayratga soladigan natijalarga erishish mumkinligiga yorqin ibratdir.

Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA