Samarqandning nafis chinnisi
– Korxonamiz sehlariga Fransiyaning “Societe CERINNOV Ceramik Innovation” kompaniyasining zamonaviy texnologiyalari o‘rnatilib, yiliga 12 million dona zamonaviy chinni mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi, – deydi “Asl nafis” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori o‘rinbosari Shoim Hamdamov.
Samarqanddagi “Nafis” ochiq aksiyadorlik jamiyatida ishlab chiqarilgan chinni mahsulotlar bir paytlar nafaqat mamlakatimiz, balki xorijda ham o‘z xaridorlariga ega bo‘lgan. Ammo ishlab chiqarish texnologiyalarining eskirishi oqibatida korxona mahsulotlari raqobatga dosh berolmay qoldi. Ishlab chiqarish hajmi keskin kamayib, ish o‘rinlari qisqardi.Prezidentimizning 2008-yil 18-noyabrdagi “Iqtisodiyotning real sektori korxonalarining moliyaviy barqarorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni “Nafis” singari korxonalar negizida zamon talablariga to‘la javob beradigan korxonalar tashkil etish va ular faoliyatini yo‘lga qo‘yish imkoniyatini berdi. Mazkur hujjatga ko‘ra, bankrot deb e’lon qilingan ishlab chiqarish korxonalari auksion va tanlov savdolari orqali tijorat banklariga sotildi. Bu bilan banklar bankrot korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish va qayta tiklash, ularni texnik va texnologik modernizatsiyalash hamda qaytadan jihozlashni ta’minlash, ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha investitsiya majburiyatlarini oldi.
“Nafis” ochiq aksiyadorlik jamiyati ham tanlov savdolari orqali aksiyadorlik tijorat “Aloqabank” tomonidan sotib olinib, investitsiya kiritilgach, korxona negizida chinni buyumlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Asl nafis” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi.
– Korxonamiz sehlariga Fransiyaning “Societe CERINNOV Ceramik Innovation” kompaniyasining zamonaviy texnologiyalari o‘rnatilib, yiliga 12 million dona zamonaviy chinni mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi, – deydi “Asl nafis” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori o‘rinbosari Shoim Hamdamov. – Natijada 300 kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Bugungi kunda mahalliy xomashyo asosida ishlab chiqarilayotgan ellikdan ziyod turdagi chinni idish va esdalik buyumlari bozordagi raqobatda xorijiy mamlakatlarda tayyorlangan mahsulotlardan narxi va sifati borasida ustuvorlikka erishmoqda. Mamlakatimizning turli hududlarida dilerlik shoxobchalari va savdo nuqtalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Har yili o‘tkazilayotgan sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasida qatnashib, buyurtmalar qabul qilmoqdamiz.
Korxona ichki bozorda o‘z o‘rnini topgan bo‘lsa-da, ishlab chiqarish hajmi va mahsulot turini yanada ko‘paytirish hamda xorijga eksport qilish yuzasidan ham zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Shu maqsadda Xitoy Xalq Respublikasining “Zhongsheng yaolu” Co LTD kompaniyasi bilan kelishuvga erishildi va aksiyadorlik tijorat “Aloqabank” tomonidan ajratilgan 15 milliard so‘m miqdoridagi kredit hisobiga yangi texnologiyalar keltirildi. Hozir xitoylik hamkorlar bilan birgalikda ushbu uskunalar korxona sexlariga o‘rnatilmoqda. Mustaqilligimizning 24-yilligi arafasida ishga tushirilishi mo‘ljallanayotgan mazkur yangi tarmoqda yiliga 15 million dona chinni mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Bu bilan korxonaning umumiy ishlab chiqarish quvvati 27 million donadan oshadi va 200 qo‘shimcha ish o‘rni yaratiladi.