Samarqand shahridagi hunarmandlar markazida “Ishbilarmon ayol – 2025” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining istiqbolli loyihalaridan biri bo‘lgan mazkur tanlov 2016 yildan buyon O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamda Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda o‘tkazib kelinmoqda. Bu yilgi tanlovning viloyat bosqichida tuman va shahar bosqichida g‘olib bo‘lgan 14 nafar ishbilarmon xotin-qiz ishtirok etib, o‘z sohasida erishgan yutuqlari va tajribalarini namoyish qildi.
Tadbir avvalida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Zebiniso Rahmonova hamda O‘zLiDeP Samarqand viloyat kengashi raisi Ilhom Botirov ushbu tanlov orqali yuzlab tadbirkor ayollar o‘z faoliyatlarini kengaytirib, yurtimizning taniqli ishbilarmonlariga aylangani, yosh tadbirkorlar uchun esa tajriba o‘rganish maktabi bo‘lganini ta’kidladi.
[gallery-24924]
– O‘n yil mobaynida 2 ming nafardan ziyod samarqandlik xotin-qizlar “Ishbilarmon ayol” tanlovida ishtirok etdi, – deydi Ilhom Botirov. – Ularning 95 nafari viloyat bosqichida g‘olib va sovrindor bo‘ldi, 11 nafari respublika bosqichida faxrli o‘rinlarni egalladi. Joriy yilgi tanlovda viloyatning 740 nafardan ziyod ishbilarmon xotin-qizlari kichik biznes, oilaviy tadbirkorlik, xizmat ko‘rsatish, hunarmandchilik va boshqa yo‘nalishlarda erishgan yutuqlari bilan ishtirok etdi.
Qo‘shrabotlik Zebiniso Abdurazzoqova tanlovda birinchi o‘rinni egalladi. Urgutlik tikuvchi Muqaddam Jabborova hamda toyloqlik fermer Mavluda Haydarova keyingi sovrinli o‘rinlar nasib etdi.
– O‘n besh yildan buyon qandolotchilik bilan shug‘ullanaman, – deydi Zebiniso Abdurazzoqova. – Uyimizda sex tashkil qilganmiz. 10 nafar doimiy ishchimiz bor. Ehtiyojdan kelib chiqib yollanma ishchilar ham olamiz. Mahsulotlarimiz doimiy xaridorlariga ega. Faoliyatim davomida 100 nafardan ziyod shogird tayyorlaganman. Hozir ham yoshlarga shirinlik va turli pishiriqlar tayyorlashni o‘rgatyapman.
Tanlovda shuningdek, qatnashchilar bir qator nominatsiyalar bo‘yicha rag‘batlantirildi.
G‘.HASANOV, O‘zA muxbiri