Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandning boy, ma’naviy merosi bilan tanishishdi
15:22 / 2026-02-16

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Sirdaryo viloyat Kengashi, Boyovut tuman hokimligi va tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi tashabbusi bilan pillachilik sohasida uzoq yillar davomida samarali mehnat qilayotgan tajribali pillakorlar, “Ayollar daftari”dagi ayollar uchun ko‘hna va boqiy Samarqand shahriga sayohat uyushtirildi. Bu tashabbus inson qadri va pillakor xotin-qizlar mehnatiga bo‘lgan yuksak e’tiborning amaliy ifodasi bo‘ldi.

–  Pillachilik ham boshqa sohalar qatori serdaromad soha, mehnat qilgan odam baraka topadi. Buni uzoq yillik mehnat faoliyatim va pillachilikka bo‘lgan qiziqishim orqali yaxshi bilaman, –  deydi Boyovut tumanining Usmon Yusupov mahallasida istiqomat qiluvchi tajribali pillakor Oyxon Musayeva. –  Mavsum oldidan ko‘hna va boqiy Samarqand shahriga uyushtirilgan sayohat nafaqat menga, balki men singari tashrif buyurgan xotin-qizlar — pillakorlar uchun katta rag‘bat bo‘ldi. Bu sayohat orqali nafaqat tarixiy obidalar va madaniy meros bilan tanishdik, balki yurtimiz rahbarlari va jamoamiz bizga qaratayotgan e’tiborni ham his qildik.

Sayohatni boyovutlik pillakorlar Amir Temur maqbarasini ziyoratdan boshladilar. Bu maqbaraning tarixiy va ma’naviy ahamiyati ularda katta taassurot qoldirdi. Keyinchalik Registon ansamblidagi tarixiy obidalar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi. Shuningdek, Bibixonim va Hazrati Xizr masjidlari, Shohi Zinda yodgorligi, Xo‘ja Doniyor ziyoratgohi va Mirzo Ulug‘bek rasadxonasini tomosha qilishdi.

– Muhimi, sayohat davomida bir sohada xizmat qilayotgan, ammo turli hududlarda istiqomat qilayotgan tajribali pillakorlar, ya’ni xotin-qizlar bir-biri bilan tajriba almashish imkoniga ega bo‘lishdi. Kelgusida nafaqat ularni, balki Boyovutda istiqomat qilayotgan xotin-qizlarni  qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Sirdaryo viloyat Kengashi bilan hamkorlikda  sayohatlar, ko‘ngilochar dasturlar va dam olish maskanlarida sog‘liqni tiklash tadbirlarini uyushtirmoqchimiz. Bu borada   esa aniq reja va yo‘l xaritalari mavjud va ular bo‘yicha ishlar olib borilmoqda, –  deydi tuman hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Mehriniso Eshonxonova.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri