Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandliklarning 42 foizi ichki avtomobil yo‘llari sifatidan norozi
13:19 / 2021-07-30

Davlatimiz rahbarining joriy yil 15-16 aprel kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi doirasida o‘tkazilgan yig‘ilish bayonnomasining 169-bandida tuman (shahar)lar sektor rahbarlarining “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilganlar bilan ishlash bo‘yicha faoliyatini baholab borishda aholining sektorlar faoliyatidan qoniqish darajasini ijtimoiy so‘rov o‘tkazish orqali har chorakda o‘rganish belgilangan.

 – Ushbu topshiriq ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand filiali tomonidan joriy yilning 3-19 iyun kunlari viloyatdagi barcha (1105 ta) mahallalarda mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi xodimlari, “Liderlar klubi” a’zolari, Yoshlar ittifoqining joylardagi yetakchilari hamda Samarqand davlat universiteti sotsiologiya yo‘nalishi talabalari yordamida anonim ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazildi – deydi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand filiali yetakchi mutaxassisi Foziljon Axatov. –  Unda mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari hamda har bir mahalladan 10 nafardan, jami 12155 respondent ishtirok etdi. Respondentlarning 47,8 foizini ayollar tashkil etdi. Yosh toifasi bo‘yicha 5,2 foizi 16-20 yoshlilar, 17,5 foizi 21-30 yoshlilar, 26,4 foizi 31-40 yoshlilar, 21,3 foizi 41-50 yoshlilar, 17 foizi 51-60 yoshlilar va 12,6 foizi 61 yoshdan oshganlar bo‘ldi.

 Mazkur ijtimoiy so‘rov orqali joylardagi aholining hokimlik va sektor rahbarlari faoliyatidan, mavjud transport, uy-joy kommunal xizmatidan, ichimlik suvi, tabiiy va suyultirilgan gaz, elektr-energiyasi ta’minotidan, ichki avtomobil yo‘llarining sifatidan hamda mutasaddi tashkilotlarga yo‘llangan murojaatlarning ko‘rib chiqilishidan qoniqish darajasi aniqlandi.

 Tahlillarga ko‘ra, respondentlarning 42,1 foizi ichki avtomobil yo‘llarining sifatidan, 36,2 foizi ichimlik suvi bilan ta’minlanish holatidan, 33,1 foizi uy-joy kommunal xizmati tuman va shahar bo‘limlaridan, 26,3 foizi mavjud transport xizmatidan, 19,9 foizi gaz ta’minotidan noroziligini bildirdi.  

    Shuningdek, 24,7 foizi mutasaddi tashkilotlar tomonidan aholi murojatlarining o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi hamda ijobiy hal etilishi yuzasidan qoniqmasligini bildirdi.

 

 G‘.HASANOV, O‘zA