Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandliklar bayramni munosib yutuqlar bilan nishonlamoqda
20:35 / 2025-08-30

Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligi Samarqand viloyatida ham keng nishonlanmoqda. Asosiy bayram tadbirlari Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomli markaziy istirohat bog‘i “Mo‘’jiza” amfiteatrida o‘tkazildi.

Marosim avvalida Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev so‘zga chiqib, tadbir qatnashchilari va butun viloyat ahlini eng ulug‘, eng aziz bayram bilan tabrikladi.

Viloyat rahbari amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijasida aholi turmush darajasi yuksalib borayotganiga e’tibor qaratdi.

Qayd etilishicha, tegishli dasturlarning samarali amalga oshirilishi tufayli joriy yilning birinchi yarmida viloyat yalpi hududiy mahsuloti 50,7 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7 foizga o‘sdi. Yil boshidan buyon 340 ta yangi sanoat korxonasi tashkil etilib, ularning umumiy soni 9156 taga yetdi. Bu korxonalar tomonidan qariyb 30 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 385 million dollarlik eksport amalga oshirildi.

– Bugungi kunda turizm viloyatimiz iqtisodiyotining asosiy tarmoqlaridan biriga aylandi, – dedi A.Boboyev. – Sohaga berilayotgan e’tibor, yaratilayotgan imkoniyatlar natijasida sayyohlar oqimi oshdi. Yil boshidan buyon Samarqandga 1,9 million nafar xorijiy, 3,8 milliondan ortiq mahalliy sayyoh tashrif buyurdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 50 foizga ko‘p deganidir. Yil boshidan buyon turizm xizmatlari eksporti 427 million AQSH dollarini tashkil etib, turistlarning o‘rtacha qolish kuni 3,5 kunga uzaydi.

Viloyatda xorijiy sayyohlarga sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida 20 ming o‘rinli 184 ta  mehmonxona, 468 ta oilaviy mehmon uyi, 138  ta xostel  faoliyat ko‘rsatmoqda. Yil yakunigacha yana 260 o‘rinli 3 ta mehmonxona, 100 o‘rinli 10 ta mehmon uyi foydalanishga topshiriladi.

Yil boshidan buyon viloyatimizda turizmni keng ommalashtirishga qaratilgan 30 dan ortiq xalqaro festivallar, madaniy tadbirlar o‘tkazildi. Urgutdagi Tersak va Omonqo‘ton, Nuroboddagi Oqsoy mahallalariga “turizm qishlog‘i” maqomi berildi. Yil yakuniga qadar yana 5 ta qishloqqa shunday  maqom beriladi va viloyatdagi turizm qishloqlari soni 14 taga yetadi.

Bu yil viloyatda 123 ta ijtimoiy soha ob’ekti, 20 ming oilaga mo‘ljallangan 340 ta turar joy binolari va 100 dan ortiq boshqa inshootlar qurilmoqda. Samarqand shahridagi temiryo‘l orti hududida renovatsiya dasturi asosida 3 mingga yaqin eski uy-joylar o‘rnida 100 ming aholiga mo‘ljallangan zamonaviy aholi massivi qurilishi boshlandi. Bu yerda aqlli texnologiyalar asosida ko‘p qavatli turarjoylar, ijtimoiy soha ob’ektlari, aholi uchun barcha qulayliklarga ega bo‘lgan infratuzilma yaratilmoqda.

Samarqand shahri va Urgut tumanini bog‘lovchi 55 kilometr yangi temiryo‘l tarmog‘i, 2 ta vokzal qurilgani Mustaqillik bayramida urgutliklar uchun juda katta sovg‘a bo‘ldi. Umumiy qiymati 83,7 mln. AQSH dollari bo‘lgan mazkur loyiha juda qisqa fursatda amalga oshirilmoqda. Bu temiryo‘lning qurilishi Urgut tumani aholisi va tadbirkorlariga juda katta imkoniyat va qulayliklar yaratib, hudud rivojiga xizmat qiladi.

Xalqimizning energiyaga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, bu borada qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish maqsadida yuqori quvvatdagi shamol va quyosh elektr stansiyalari  barpo etilmoqda.

Jumladan, ayni paytda Nurobod tumanida “Acwa Power” kompaniyasi tomonidan 1000 megavatli  2 ta quyosh fotoelektr stansiyasi qurish loyihasi amalga oshirilmoqda. 2027 yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan mazkur stansiyalarda yiliga o‘rtacha 2 milliard kilovat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 360 ming nafar aholining elektr ta’minoti yaxshilanadi.

Payariq, Jomboy va Bulung‘ur tumanlarida esa Xitoy Xalq Respublikasining “Universal enerji” kompaniyasi tomonidan jami quvvati 500 megavat bo‘lgan shamol elektr stansiyalari qurilmoqda. Buning uchun Xitoydan 80 ta shamol turbinalari olib kelinmoqda. Loyihani kelgusi yil yakuniga qadar foydalanishga topshirish belgilangan.

Bugungi kunda viloyatda aholining yashil maydonlar, xiyobonlar va sport maydonchalariga bo‘lgan ehtiyoji ham ortib bormoqda. Shunga asosan Samarqand shahridagi sobiq harbiy gospitalning 5,4 gektar yer maydonida bolalar va yashil jamoat parki, Vatanparvar mahallasida 7 gektar maydonda “Vatanparvar bog‘i” hamda istirohat bog‘i, So‘g‘diyona massividagi 3 gektar maydonda esa “Oila bog‘i” tashkil etilmoqda.

Marosim “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan katta konsert dasturi bilan davom etdi.

Mustaqillik bayrami tantanalari viloyatning barcha shahar va tumanlarida davom etmoqda.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari