Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandlik yoshlar tadbirkorlardan saboq oldi
12:04 / 2021-06-17

Samarqand shahrida o‘z sohasida yuqori natijalarga erishgan tadbirkorlar ishtirokida “Biznes marafon” motivatsion trening o‘tkazildi.

Registon maydonida tashkil etilgan mahorat darslarida tadbirkorlik sohasida yuksak muvaffaqiyatlarga erishgan yurtimiz va xorijda samarali faoliyat olib borayotgan 12 nafar tadbirkor “Muvaffaqiyatga erishish sirlari” mavzusida yoshlar bilan muloqot qildi. “Biznes marafon” ishtirokchilari mahoratli tadbirkorlardan biznes yuritish borasida o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olish imkoniga ega bo‘ldi.

- “Biznes marafon” motivatsion treningni o‘tkazishdan maqsad sohaga kirib kelayotgan yoki bo‘lmasam tadbirkor bo‘lishga qiziqayotgan, lekin nimadan boshlashni bilmay turgan yoshlar o‘ziga xos yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, ularga dalda berish va ruhlantirishdan iborat, - deydi “Yoshlar - kelajagimiz” jamg‘armasi ijrochi direktori Xayrulla Sattorov. – Ta’kidlash joizki, viloyatlar kesimida o‘tkazilayotgan biznes darslarimizga qiziquvchilar soni sekin asta ortib bormoqda. Samarqandda eng ko‘p ishtirokchi – 3500 nafar yosh tadbirkor bilan oflayn tarzda muloqot qildi. Eng muhimi, biz muloqotni onlayn tarzda ham yo‘lga qo‘yganmiz. “Biznes marafon”da qatnashish imkoniga ega bo‘lmagan yoshlarimiz ijtimoiy tarmoqlar orqali ham o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mahoratli tadbirkorlarimizga yo‘llab javob olish imkoniga ega bo‘ldi.  

“Biznes marafon” motivatsion trening darslarida ishtirok etgan spikerlar o‘zlarining biznesdagi ilk qadamlari haqida ham ma’lumot berib, yoshlarni o‘zlari qiziqqan sohada qo‘rqmasdan faoliyat boshlashi lozimligini alohida ta’kidlashdi.

[gallery-2817]

- Samarqandda o‘tkazilayotgan mahorat darslarimiz viloyatlar kesimidagi so‘nggisi, - deydi “Dekos.uz” asoschisi, tadbirkor Hasan Mamasaidov. – Bu muqaddas zamin qadimdan ilm-ma’rifat, madaniyat markazi bo‘lish birga Buyuk ipak yo‘lining asosiy bo‘g‘ini ham hisoblangan. Biz muazzam Registon maydonida yoshlarimiz bilan muloqot qilib, mana shunday ulkan obidalarni bunyod etgan ajdodlarimizga munosib bo‘lishimiz kerakligini alohida ta’kidladik. Buning uchun albatta chuqur bilim olish zarur. Har qanday sohadagi muvaffaqiyat ilmga borib taqaladi. Biznes yuritishda ham inson yetarli bilimga ega bo‘lmasa uning faoliyati samara bermaydi. Buni marafon spikerlarining barchasi alohida qayd etib o‘tdi. Shuningdek, har birimiz o‘z tajribamizdan kelib chiqib, yoshlarning biznes olamiga qo‘rqmasdan kirishlariga motivatsiya berishga harakat qildik. Bu muvaffaqiyatga erishgan har bir tadbirkorning ijtimoiy mas’uliyati deb o‘ylayman. Ushbu marafon joylarda ham tadbirkorlarimizga mana shu mas’uliyat hissini yetkazsa va ular ham o‘z tajribalarini yoshlar bilan baham ko‘rsa tadbirkorlarimiz safi yanada kengayadi. Mamlakatimiz iqtisodi rivojlanadi, xalqimiz farovonligi oshadi. O‘ylaymanki, bugungi marafondan keyin samarqandlik yosh tadbirkorlar soni kutilgan darajada oshadi.

Yurtimiz va xorijda mahorat bilan biznes yuritayotgan tadbirkorlarimizning saboqlari samarqandlik yoshlarni tadbirkorlik sohasidagi rejalarini hayotdagi asosiy maqsadga aylantirdi. “Biznes marafon”da qatnashgan ko‘plab yoshlar shu yerning o‘zida kelgusi maqsadlarini aniq qilib oldi.

- Tadbirkorlik faoliyatimni boshlaganimga ko‘p bo‘lgani yo‘q, - deydi yosh tadbirkor, “Goverment industrial Company” MCHJ rahbari Shohruh Ibodov. – Qurilish materiallari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanaman. Sohadagi faoliyatimni rivojlantirish borasida aniq to‘xtamga kelishga qiynalayotgan edim. bugungi muloqot davomida zarur yo‘nalishlarni belgilab oldim. Spikerlarimizning deyarli barchasi tadbirkorlik faoliyatini yuritayotgan har bir sub’ekt albatta, o‘z ishini IT bilan bog‘lashi lozimligini ta’kidlashdi. bugungi tadbirdan keyingi asosiy ishim mahsulotlarimni internet do‘konlariga chiqarishga qaratiladi.  

“Biznes marafon” yoshlarning savollar marafoniga aylanib ketdi. Spikerlar yoshlar tomonidan har bir savolga batafsil javob qaytarib, ularga zarur tavsiyalarni berdi.  

 

 

Alisher ISROILOV (surat), O‘zA