O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga ko‘ra, 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘zining samarali mehnati, boy bilim va tajribasi bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda faol ishtirok etib kelayotgan, Yangi O‘zbekistonni barpo etish, xalq farovonligini oshirish yo‘lida tashabbus ko‘rsatib kelayotgan xotin-qizlardan bir guruhi davlat mukofotlari bilan taqdirlangan edi.
Jumladan, Samarqand viloyatidan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Xosiyat Bobomurodova “O‘zbekiston Respublikasi xalq shoiri” faxriy unvoni, Samarqand shahar nuroniylar jamoatchilik kengashi faoli Dilbar Imomova II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni, viloyat yakka kurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabining dzyudo bo‘yicha murabbiysi Xurshida Xoliqova “Sog‘lom turmush” medali, Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi gid-tarjimoni Nazira Zohidova hamda Toyloq tumani hokimining o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Noila Qambariddinova “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Samarqand viloyati hokimligida davlat mukofotlarini topshirish marosimi o‘tkazildi.
Viloyat hokimi A.Boboyev mukofotlanganlar va tadbir ishtirokchilarini bayram bilan tabrikladi hamda xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi o‘rnini e’tirof etdi.
– Bugungi kunda viloyatimizda 4400 nafardan ortiq ayollar rahbarlik lavozimlarida faoliyat olib bormoqda – dedi A.Boboyev. – Xalq deputatlari viloyati Kengashi deputatlarining 22 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. 20 nafarga yaqin opa-singillarimiz “Rahbar ayollar maktabi”da malaka oshirib, turli sohalarda samarali mehnat qilmoqda. Viloyatimizda xotin-qizlar faolligini oshirish, ayollar bandligini ta’minlash va tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ishlab chiqilgan dastur asosida o‘tgan yili 145 ming nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi, 32 ming nafari mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga va tadbirkorlikka o‘qitildi. 34 ming nafarga yaqin xotin-qizlarga tijorat banklari tomonidan 934 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratildi. Bu yil ham bu raqamlar yana ham yuqori bo‘lishi, samarqandlik har bir xotin-qiz davlatimizning e’tibor va g‘amxo‘rligini his qilishi uchun zarur choralar ko‘rilmoqda.
[gallery-28042]
Viloyat hokimi Prezidentimiz nomidan davlat mukofotlarini o‘z egalariga topshirib, ularning kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.
– Bu yilgi bayram men uchun juda quvonchli voqealarga boy bo‘ldi, – deydi Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi gid-tarjimoni, “Shuhrat” medali sohibasi Nazira Zohidova. – Hurmatli Prezidentimiz farmonlariga ko‘ra, “Shuhrat” medali bilan taqdirlandim. Bu mukofot Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasining barcha xodimlari mehnatining e’tirofi deb bilaman. 25 yildan buyon Mirzo Ulug‘bek muzeyida gid-tarjimon bo‘lib ishlab, buyuk bobomiz hayoti va faoliyati, falakiyot ilmi rivojiga qo‘shgan hissasi haqida sayyohlarga hikoya qilib beraman. Har gal bu haqda so‘zlaganimda shunday ulug‘ ajdodlarning avlodlari ekanimdan qalbim faxrga to‘ladi. Bundan buyon ham yurtimiz tarixi, madaniyati, ulug‘ bobolarimiz merosini dunyoga targ‘ib etish uchun bor bilim va salohiyatimni ishga solib mehnat qilaman.
Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri ham uyushtirilib, samarqandlik faol va fidoyi ayollar, ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalar bekalariga hurmat-ehtirom ko‘rsatildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA