French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandlik tadbirkorlar quyosh fotoelektr stansiyalari qurmoqchi
16:09 / 2023-05-06

Davlatimiz rahbarining shu yil 16 fevralda qabul qilingan “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga ko‘ra, joriy yilda Samarqand viloyatining 9 hududida mahalliy tadbirkorlar tomonidan 75 MVt quvvatli kichik fotoelektr stansiyalari barpo etilishi, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlarining 370 ta bino va inshootlarida 18,5 MVt quvvatli quyosh panellari o‘rnatilishi zarur. Ayni paytda bu borada mutasaddi idoralar va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

– Qarorga ko‘ra, Samarqand shahridagi “Shaanxi Huashan Road and Bridge Engineering” korxonasi, Bulung‘ur tumanidagi “SAG agro Bulung‘ur” mas’uliyati cheklangan jamiyati, Toyloq tumanidagi “Pet agro oil” korxonasi, Urgut tumanidagi “Pironvest produkt” mas’uliyati cheklangan jamiyati, Payariq tumanidagi “MKK-2” va Paxtachi tumanidagi “Madina savdo belgisi” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan har biri 10 MVt quvvatli, Jomboy tumanidagi “Shelf Vostok” va Nurobod tumanidagi “Tutli solar” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan har biri 5 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyalari quriladi, – deydi Samarqand viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi rahbari Jamshid Haydarov. – Buning evaziga yiliga 47,1 million kVt/s hajmidagi elektr energiyasi ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, joriy yil va kelgusi yil uchun hozircha Narpay tumani, Kattaqo‘rg‘on shahri va tumanidagi tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan uchta qo‘shimcha loyiha ishlab chiqilmoqda. Barcha loyihalar bo‘yicha dastlabki ishlarga kirishilgan. Bino va inshootlarda quyosh panellari o‘rnatilishi belgilangan 370 tadbirkorlik sub’ektining 130 dan ortig‘i shu paytgacha bu vazifani bajarib bo‘ldi. Qolganlarida esa bu jarayon davom etmoqda.

Ta’kidlash lozimki, jismoniy shaxslar tomonidan muqobil energiya manbalaridan foydalanilishi, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan fotoelektr stansiyalari qurilishi davlatimiz tomonidan rag‘batlantiriladi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 428-moddasiga asosan qayta tiklanadigan manbalardan energiya ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslar qayta tiklanadigan energiya manbalari (nominal quvvati 0,1 MVt va ko‘proq) uskunalari egallagan yer uchastkalari bo‘yicha ular ishga tushirilgan paytdan e’tiboran o‘n yil muddatga yer solig‘idan ozod etiladi.

Shuningdek, Soliq kodeksining 414-moddasi ko‘ra, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini (nominal quvvati 0,1 MVt va undan ortiq bo‘lgan) o‘rnatganlik uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslar, ular foydalanishga joriy etilgan paytdan e’tiboran o‘n yil muddatga mol-mulk solig‘idan ozod bo‘ladi.  

Bu borada jismoniy shaxslarga bir kator imtiyozlar belgilangan. Jumladan, Soliq kodeksining 436-moddasiga asosan, energiya resurslarining amaldagi tarmoqlaridan to‘liq uzib qo‘yilgan turar joylarda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar — qayta tiklanadigan energiya manbalari o‘rnatilgan oydan e’tiboran uch yil muddatga yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi.  

Bundan tashqari, Soliq kodeksining 421-moddasi 4-bandiga asosan, energiya resurslarining amaldagi tarmoqlaridan to‘liq uzib qo‘yilgan turar joylarda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar qayta tiklanadigan energiya manbalari o‘rnatilgan oydan e’tiboran uch yil muddatga mol-mulk solig‘idan ozod etiladi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatgan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan oy davomida yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan va iste’mol qilingan elektr energiyasi hajmining hisobi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ billing tizimida yuritilib, oy yakuni bilan tarmoqqa uzatilgan va iste’mol qilingan elektr energiyasi hajmi o‘rtasidagi tafovutga asosan o‘zaro hisob-kitob qilinadi. Bunda, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan elektr energiyasini saqlab berish xizmati uchun haq olinmaydi.

Bu kabi imtiyoz va qulayliklar yuridik va jismoniy shaxslarning qayta tiklanuvchi energiya manbaalaridan foydalanishi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi bilan birga, ushbu tarmoqdan daromad olish imkoniyatlarini ham kengaytiradi.  

G‘.HASANOV,  

O‘zA