Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandlik shifokor skoliozni davolashda tojikistonlik hamkasblariga ko‘maklashmoqda
12:32 / 2022-08-01

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim boshlig‘i, tibbiyot fanlari nomzodi dotsent Saidqosim Pardayev umurtqa pog‘onasi kasalliklarini davolash bo‘yicha boy tajribaga ega mutaxassis hisoblanadi. Olim shu paytgacha ushbu yo‘nalish bo‘yicha bir qator ixtiro va ilmiy ishlanmalarga patent olgan, xalqaro darajada e’tirof etilgan.

Keyingi yillarda yurtimizda tibbiy turizmni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratilgani sababli S.Pardayev rahbarlik qilayotgan bo‘lim va xususiy klinikada boshqa davlatlardan ham bemorlar kelib salomatligini tiklamoqda, dardlariga davo topyapti.

Jumladan, qo‘shni Tojikiston respublikasidan kelayotgan bemorlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi.

– Umurtqa pog‘onasi bilan bog‘liq xastalikka chalingan bemorlarning hammasi ham Samarqandga kela olmaydi, – deydi S.Pardayev. – Shu sababli tojikistonlik hamkasblarimizning taklifiga ko‘ra, ayrim bemorlarni davolash, ularda jarrohlik amaliyotini bajarish uchun qo‘shni davlatga borib tibbiy xizmat ko‘rsatyapmiz. Shuningdek, ularga o‘z tajribalarimizni o‘rgatyapmiz. 

Darvoqe, Tojikiston Respublikasi sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi S.Pardayevga ushbu mamlakatdagi istalgan shifoxonada jarrohlik amaliyotini o‘tkazishi va skolioz kasalligini davolash bo‘yicha maktab yaratishi uchun imkoniyat yaratib bergan. Yaqinda mazkur vazirlik tomonidan O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziriga maktub yuborilib, unda hamkorlik uchun minnatdorlik bildirilgan.

G‘.HASANOV, O‘zA