Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandlik pedagoglar uchun attestatsiya boshlandi
16:53 / 2024-04-15

Viloyat ta’lim muassasalari pedagoglari attestatsiya sinovlarini Samarqand shahrida yangi tashkil etilgan bilimlarni baholash markazida topshirmoqda.

– Viloyat hokimligi hamda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan bilimlarni baholash markazida bir vaqtning o‘zida 200 nafar talabgor sinov jarayonida ishtirok etishi uchun sharoit yaratildi, – deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i G‘ayrat Boboxolov. – Avvalgilardan farqli ravishda sinov yakunida talabgor natijani bilib chiqadi. Ya’ni belgilangan test sinovlarida talab qilingan natajani qayd etsa, shu yerning o‘zida attestatsiya natijalari QR-kod qo‘yilgan elektron shakldagi pedagoglarning shaxsiy kabinetlariga yuboriladi. Attestatsiya natijasiga ko‘ra, pedagog kadrlarning oylik ish haqlariga kiritiladigan o‘zgarishlar avtomatik tarzda hisoblab chiqarilishi uchun UzASBO yoki boshqa moliyaviy hisob-kitob dasturlariga yuboriladi.

Eng muhimi, bu jarayonlar pedagoglar uchun juda ham qulay bo‘ldi. Ular ortiqcha hujjatlarsiz, shaxsini tasdiqlovchi hujjat va tegishli mutaxassislik diplomi yoki qo‘shimcha mutaxassislik hujjatlari bilan onlayn ariza berish orqali attestatsiya jarayonlarida ishtirok etadi va maqsad qilgan darajasiga ega bo‘ladi. Bunda avvalgiday ma’lum muddatni kutish shart emas. Navbatsiz ham belgilangan attestatsiya jarayonlarida qatnashib, o‘z malaka toifalarini oshirishi mumkin. Qisqa qilib aytganda, endi ishni boshlagan mutaxassis pedagog bir yarim yil ichida oliy toifani olishi uchun sharoit yaratildi.

Attestatsiyada ishtirok etish uchun viloyat bo‘yicha 24771 nafar o‘qituvchi va pedagogning arizasi onlayn ko‘rib chiqilib, hujjatlarida xatolik mavjud bo‘lmagan va amaldagi tartib asosida to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirgan 21374 nafar nomzod hujjatlari qabul qilingan.

Shundan 333 nafari to‘g‘ridan to‘g‘ri, ya’ni imtiyoz va yutuqlaridan foydalanib, test jarayonlarida qatnashmasdan malaka toifasi beriladigan nomzodlar sifatida qayd etildi. 3532 nafarini navbatdagi majburiy, ya’ni amaldagi malaka toifa sertifikatining 5-yil muddati to‘lgan nomzodlar, 17509 nafarini navbatdan tashqari, ya’ni avval olgan malaka toifa sertifikatining muddati tugamasdan, mavjud toifasini bir pog‘ona ko‘tarish yoki muddatini uzaytirish maqsadida hujjat topshirgan nomzodlar tashkil etmoqda.

[gallery-16921]

– Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining buyrug‘iga muvofiq, joriy yilning aprel-may oylarida vazirlik tizimidagi ta’lim muassasalarining pedagoglari malaka test sinovlaridan o‘tkazilishi belgilangan, – deydi vazirlikning Samarqand viloyatiga biriktirilgan mas’ul xodimi Eldor Mirzayev. – 2024-yil 1-yanvardan boshlab tizim o‘qituvchilariga toifa berish jarayoni bevosita Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan amalga oshirilmoqda. Bunda pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish uchun vazirlik tomonidan yangi tizim yaratildi hamda malaka toifasini berish amaliyoti takomillashtirilib, inson omilisiz o‘tkaziladigan yangi tizim joriy qilindi. Bu tizim 2023-yil 5-7-dekabr kunlari o‘qituvchilar bilim darajasi past bo‘lgan 20 ta tuman (shahar)da faoliyat olib borayotgan pedagoglar ishtirokida tajriba-sinovdan o‘tkazilgandi. Tizimning samaradorligi yuqori bo‘lganligi bois, sohaga keng jalb qilinib, joriy yilning aprel-may oylarida respublika miqyosida o‘tkazilishi rejalashtirilgan sinov jarayonlari bugundan boshlandi.

Amaliyotga joriy etilgan yangi tizim asosida malaka toifasini olish sinovlari ikki bosqichda o‘tkazilmoqda. Birinchi bosqichda – pedagogning mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilim darajasi baholanadi. Bunda pedagoglarga mutaxassislik fani bo‘yicha 35 ta hamda kasbiy standartlariga oid 5 ta test savoli beriladi. Ikkinchi bosqichda – pedagogik mahorati baholanadi. Bunda pedagogik mahoratni aniqlash maqsadida 10 ta savol-topshiriq beriladi. Har ikkala bosqich ham kompyuterda real vaqt rejimida (onlayn) o‘tkaziladi. Buning natijasida tashqi aralashuvning oldi olinib, inson omili aralashuviga barham berildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda viloyatda jami pedagoglar soni 61016 nafarni tashkil etmoqda. Ularning 5654 nafari (9 foiz) oliy, 11263 nafari (18 foiz) 1-toifali, 14375 nafari ( 24 foiz) 2-toifali, 20082 nafari (33 foiz) mutaxassis-toifasiz, 9642 nafari (16 foiz) esa o‘rta-maxsus ma’lumotli xodimlardan iborat. Yangi tizimning yaratilishi ularning malaka darajasini oshirishga xizmat qiladi.

– Bugungi attestatsiya jarayonlarida qatnashib, ikkinchi toifaga ega bo‘ldim, – deydi Samarqand shahridagi 53-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Murod Hasanov. – O‘zim informatika va axborot texnologiyalari fanidan dars beraman. Shu vaqtgacha mutaxasis sifatida faoliyat yuritganman. Yaratilgan imkoniyatdan foydalanib, sinovlarda qatnashdim. Test savollari o‘rta murakkablikdagi savollardan iborat bo‘ldi. Mutaxassisligimiz bo‘yicha berilgan savollar o‘z ustida ishlaydigan o‘qituvchilar uchun qiyinchilik tug‘dirmasa kerak. Jarayondan muvaffaqiyatli o‘tib, ikkinchi malaka toifasiga ega bo‘ldim. Endi kuzgi attestatsiyaga tayyorgarlik ko‘rib, shu yilning o‘zida birinchi malaka toifasiga ega bo‘lish niyatidaman.

Ta’lim sifatini oshirishda o‘z ustida tinimsiz ishlaydigan, bilimi va tajribasi yuqori bo‘lgan o‘qituvchilarning o‘rni beqiyos. Yangi attestatsiya tizimi aynan ana shunday malakali o‘qituvchilar sonining ortishi va buning natijasida mamlakatimizda ta’lim sifatining yanada oshishiga xizmat qiladi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari