Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandlik oʻqituvchi va murabbiylar ham bayramni nishonlayapti
10:20 / 2020-10-01

Ular Prezidentimizning bayram tabrigi va soha xodimlariga murojaatini tingladilar.


Davlatimiz rahbari ishtirokida kuni kecha Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida oʻtkazilgan Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimni samarqandlik bir guruh faol oʻqituvchilar Samarqand shahridagi yoshlar markazida jam boʻlib, onlayn kuzatdi.

Ular Prezidentimizning bayram tabrigi va soha xodimlariga murojaatini tingladilar.

Ushbu marosimdan soʻng Samarqand viloyati hokimi tadbir qatnashchilarini bayram bilan tabrikladi hamda viloyatdagi taʼlim-tarbiya sohasining ilgʻor vakillari, faxriylarga hokimlikning faxriy yorliq va esdalik sovgʻalarini topshirdi.

Bugungi kunda Samarqand viloyati xalq taʼlimi tizimida 1247 umumtaʼlim maktabi, 8 maxsus maktab-internat, 1 ta Mehribonlik uyi, 17 ta “Barkamol avlod” markazi faoliyat yuritmoqda. Bu maskanlarda 54 ming 500 nafardan ortiq oʻqituvchi va murabbiylar yosh avlodga taʼlim-tarbiya berib kelmoqda.

Bu yil viloyatda 1 ta yangi maktab qurilmoqda. 51 ta umumiy oʻrta taʼlim maktabida rekonstruksiya va mukammal taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Ushbu bunyodkorlik ishlariga investitsiya dasturi asosida 128,2 milliard soʻm, shuningdek, Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 65 milliard soʻm mablagʻ ajratildi. Shuningdek, 9 maktab uchun zamonaviy sport zallar bunyod etilmoqda.

Xalq taʼlimi vazirining tegishli buyrugʻiga muvofiq, joriy yilda samarqandlik 50 nafar pedagog “Xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

– Mamlakatimizda oʻqituvchiga yuksak hurmat-ehtirom koʻrsatilmoqda, – deydi Samarqand shahridagi 64-umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻqituvchisi Nargiza Xolmatova. – Bugungi sinovli kunlarda ham biz oʻqituvchilar eʼtibordan chetda qolmadik. 25 yildan beri ona tili va adabiyot fanidan yoshlarga saboq berib kelaman. Oʻquvchilarim har yili turli tanlovlarda gʻoliblikni qoʻlga kiritmoqda. Kasb bayramimiz arafasida “Xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishoniga sazovor boʻlganim shu 25 yillik faoliyatim davomidagi kamtarona mehnatlarimga berilgan katta bahodir.

2017-yilda viloyatda 564 ta bogʻcha faoliyat koʻrsatib, maktabgacha yoshdagi bolalarning 63 ming nafari (21 foizi) maktabgacha taʼlim bilan qamrab olingan boʻlsa, ayni paytda bogʻchalar soni 2008 tani tashkil etmoqda. Bu muassasalarga viloyat boʻyicha qariyb 324 ming nafar 3-7 yoshgacha boʻlgan bolalarning 169 ming nafari (52 foizi) qamrab olingan.

2020-yilgi investitsiya dasturi doirasida 6385 oʻrinli 47 maktabgacha taʼlim tashkilotini qurib, foydalanishga topshirish belgilangan. 2020-yil yakunigacha 14 ta nodavlat, 50 ta davlat-xususiy sheriklik asosida va 131 ta oilaviy shakldagi maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Bugungi kunda viloyatda 74 ta (37 kasb-hunar maktabi, 15 kollej, 22 texnikum) professional taʼlim muassasasi mavjud. Yangi oʻquv yilida kasb-hunar maktablariga 8986 nafar 9-sinf bitiruvchilari qabul qilindi. Kollejlar uchun 5385 ta, texnikumlar uchun 9290 ta qabul rejasi belgilangan.

Ayni paytda viloyatdagi 9 oliy oʻquv yurtida 40 ming nafar talaba tahsil olmoqda. Ularga 3276 nafar pedagog-ustozlar saboq beradi. Ular orasida 3 nafar akademik, 262 nafar fan doktori, 877 nafar fan nomzodi bor.