O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Faol tadbirkor" ko‘krak nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risida" gi farmoyishiga ko‘ra milliy iqtisodiyotimizni barqaror yuksaltirish, mamlakatimizda ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish borasidagi xizmatlari, ish o‘rinlarini yaratish, aholi farovonligini ta’minlashga qo‘shayotgan munosib hissasi uchun bir guruh faol tadbirkorlar taqdirlandi.
Ular orasida 9 nafar samarqandlik tadbirkorlar ham bor. Samarqand shahridagi “Shirin” shaharchasini barpo etish direksiyasi markazida ushbu nishonlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tantanali tadbirda viloyat hokimligi, idora va tashkilotlar rahbarlari, tadbirkorlar hamda faollar ishtirok etdi.

Tadbir avvalida Prezident farmoyishi o‘qib eshittirildi. Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov davlatimiz rahbarining tadbirkorlarga bo‘lgan yuksak hurmati va ishonchi, ishbilarmon kishilarning tashabbuslari va mehnatlari qadri haqida so‘z yuritdi. Ana shu e’tibor namunasi sifatida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizda "Tadbirkorlar kuni" nishonlanmoqda. Viloyat hokimi samarqandlik barcha tadbirkorlarni ushbu sana bilan tabrikladi. Tadbirda ko‘krak nishonlari o‘z egalariga topshirildi.


– Bu e’tirofni viloyatimiz tadbirkorlik muhitiga berilgan baho deb bilaman, – deydi Oqdaryo tumanidagi “Pichoqchi Dry Fruits” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Tolibxon Abdujalilov. – Eksportyor korxonalarga berilayotgan imtiyozlar faoliyatimizda katta o‘zgarishlarga imkon yaratdi. Shuning hisobiga bugun korxonamizda doimiy va kasanachilik asosida 1500 kishi ish bilan band. Kelgusida faoliyatimizni kengaytirish, mahsulot eksport hajmini oshirishni maqsad qilganmiz.

Tadbir so‘ngida mukofot egalari yurtimizda tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirdi.
G‘. Hasanov,
A. Isroilov (surat), O‘zA