Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandlik fidoyilar taqdirlandi
16:29 / 2020-12-28

Bu yil Vatanimiz mustaqilligining 29 yilligi hamda turli sanalar, kasb bayramlari munosabati bilan Prezidentimiz Farmon va qarorlariga ko‘ra, 60 nafardan ortiq samarqandlik fidoyi insonlar davlatimizning faxriy unvon, orden va medallari bilan taqdirlandi.

 Yangi yil bayrami arafasida viloyat hokimligida ushbu mukofotlarni tantanali topshirish marosimi o‘tkazildi.  

 Viloyat hokimi E.Turdimov tadbir qatnashchilarini tabriklab, Vatan, xalq uchun bajarilgan fidoyi mehnat doim qadrlanishi, munosib e’tirof etilishini ta’kidladi.

 – Bu yil butun dunyo xalqlari, jumladan, biz uchun ham murakkab, sinovli yil bo‘ldi, – dedi E.Turdimov. – Koronavirus pandemiyasi ko‘p reja va maqsadlarimizni amalga oshirishga to‘sqinlik qildi. Shunga qaramay, Prezidentimiz, davlatimiz tomonidan ko‘rilgan choralar tufayli, har bir soha va tarmoqlar vakillarining o‘z ishiga ma’suliyat bilan yondoshishi evaziga bu yil uchun belgilangan reja va vazifalarni bajarishga erishdik. Bunday fidoyilik esa Yurtboshimiz tomonidan munosib e’tirof etildi, davlat va jamiyat faoliyatidagi faolligi uchun ko‘plab yurtdoshlarimiz davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Xususan, bu yil koronavirus pandemiyasiga qarshish kurashishdagi fidoyiligi uchun tibbiyot xodimlarini mukofotlash maqsadida davlatimiz rahbarining ikkita farmoni qabul qilindi. Ushbu hujjatlar asosida viloyatimizdan 15 nafardan ortiq soha vakillari davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. Ular yakuniga yetayotgan yilda jamiyatimizning eng jonkuyar insonlari, bugungi kun qahramonlari sifatida barchamizning hurmat-ehtiromimizga munosibdirlar.  

 Shundan so‘ng davlat mukofotlarini Prezidentimiz nomidan viloyat hokimi E.Turdimov o‘z egalariga topshirdi.

[gallery-626]

 Marosimda davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan yurtdoshlarimiz ham o‘z dil so‘zlarini bayon etib, yuksak e’tirof va e’tibor zimmalariga yanada ulkan mas’uliyat yuklashini ta’kidladi.  

 – To‘g‘risi, shunday katta davlat mukofoti berilishini kutmagan edim, – deydi Nurobod tumanidagi “Olg‘a” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh cho‘poni, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan chorvador Mashrab To‘rayev. – Lekin bu faqat menga emas, xo‘jaligimizning barcha a’zolari, cho‘ponlariga berilgan mukofot deb bilaman. Endi bu sharafli nomni oqlash uchun yana ham ko‘proq mehnat qilamiz.

 – Bu yil hech bir soha uchun, jumladan, tadbirkorlar uchun ham oson bo‘lmadi, – deydi Urgut tumanidagi “Urgut tekstil shifer” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi, “Do‘stlik” ordeni sohibi Zayniddin Ahrorov. – Shunday murakkab vaziyatda davlatimiz tomonidan berilgan imtiyoz va yengilliklar tufayli ish faoliyatimizni davom ettirdik, oldimizga qo‘ygan maqsadlarimizga erishdik. Mukofot esa bundan buyon ham viloyatimiz, yurtimiz iqtisodiyoti barqarorligi uchun sidqidildan ishlarga da’vat etadi.

 – To‘g‘ri, pandemiya sharoitida og‘ir yuk tibbiyot xodimlari zimmasiga tushdi, – Samarqand viloyati hokimligi sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i, I darajali “Salomatlik” ordeni sohibi Davronbek Jumaniyozov. – Barcha xodimlarimiz o‘z burchi, qasamyodiga sodiq qolib faoliyat olib borishga intildi, jonini ham ayamadi. Lekin bu jarayonda bizning samarali, xavfsiz ishlashimiz, bemorlarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun davlatimiz tomonidan barcha sharoit va imkoniyatlar yaratib berilganini alohida ta’kidlashni istardim. Birgina viloyatimizdagi tibbiyot muassasalariga bu yil 29 milliard so‘mlik jihozlar berildi, 100 dan ortiq yangi tez yordam mashinalari olindi. Ana shular tibbiyot xodimlarining muvaffaqiyati omili bo‘ldi, desam xato bo‘lmaydi.

 Past Darg‘om tumani ichki ishlar bo‘limining faol va jasoratli xodimlaridan biri, xizmat burchini bajarish chog‘ida vafot etgan katta leytenant Ravshan Boqiyev “Jasorat” medaliga munosib ko‘rilgan edi.

 Viloyat hokimi E.Turdimov ushbu mukofotni R.Boqiyevning oila a’zolariga topshirdi.  

 Bulung‘ur tumani “Yangiariq” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi, bir asr umr ko‘rgan G‘appor ota Chumbayev ham davlatimiz rahbari farmoniga ko‘ra, “Shuhrat” medali bilan taqdirlangandi. Viloyat hokimi G‘appor otaning xonadoniga borib, ushbu mukofot va esdalik sovg‘alarini topshirdi.

 G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA